Free ebooks Library zlibrary project

Yurtimiz soʻnggi yillarda FIFA va OFK miqyosidagi nufuzli musobaqalarni qabul qilish yuzasidan katta qadamlarni tashlamoqda. Xususan, 2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionati mezbonligi bu yo‘nalishdagi sayi-harakatlarning muhim bosqishiga aylandi. Turnirga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirish maqsadida bugun FIFA delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurdi.

FIFAning futzal va sohil futboli departamenti rahbari Kasra Hagigi boshchiligidagi delegatsiya O‘FA rahbariyati bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikkala tomon O‘zbekiston mezbonlik qiladigan Jahon chempionati tarixdagi eng yaxshi mundial bo‘lishi uchun barcha ishlar amalga oshirilishini alohida ta’kidlashdi. 2024-yil bahoriga belgilangan musobaqaga qur’a tashlash marosimini o‘tkazish uchun bir qancha shaharlar nomzodi, hususan, Samarqand shahri taklif etildi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov Andijon va Buxorodagi arenalarda qurilish jarayonlari reja bo‘yicha ketayotgani, o‘z vaqtida yakunlanishi hamda assotsiatsiya FIFA bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilayotganini e‘tirof etdi.

Shuningdek, Indoneziyada davom etayotgan U-17 Jahon chempionatida O‘FA vakillari ishtirok etgani va o’zaro tajriba almashilgani futzal mundiali tashkiliy jarayonlarida juda foydali bo’lishi FIFA vakillari tomonidan alohida ta’kidlandi.

Tashrif davomida JCh o‘yinlari o‘tkaziladigan asosiy arenalar, mashg‘ulot maydonlari, mehmonxonalarda olib borilayotgan ishlar, qurilish va rekonstruksiya jarayonlari inspeksiya qilinadi. FIFA vakillari 27-noyabr kuni Toshkent, 28-noyabr kuni Buxoro va 29-noyabr kuni Andijon shaharlarida faoliyat olib borishadi.