Bugun Coca-Cola Superliga-2021 mavsumi oʻz nihoyasiga yetdi. Chempionat oxirgi turgacha qizgʻin va murosasiz bahslarga boy boʻldi. Kuchli uchlikdagi sovrinli pozitsiyalar va yuqori ligada qolish uchun kurash shiddatli oʻtdi. OʻFA va PFL chempionat davomida yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, sport prinsiplariga rioya qilishni ustuvor vazifa qildi va bunga qatʼiy amal qilishda davom etadi. Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Superliganing 2022-yilgi mavsumida ishtirokchi klublar soni oshirilishi va chempionatda 16 klub qatnashishi haqida taxminlar yangragandi. Shuni maʼlum qilamizki, OʻFA hamda PFL amaldagi reglamentga oʻzgartirish kiritmaydi va sport prinsiplariga qatʼiy rioya qiladi. Keyingi mavsumda Superliganing ishtirokchi jamoalari soni oʻzgartirilmaydi. Bu borada tashabbus bilan chiqayotgan mutaxassislarni reglamentni hurmat qilishga chaqiramiz.