Bugun OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda Xorvatiya elchisi Refik Shabanovich, shuningdek, xorvatiyalik futbol mutaxassislari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida Ravshan Ermatov Xorvatiya futbolining dunyoda tutgan oʻrni, ushbu yurtning jahon arenalardagi yutuqlari, taniqli futbolchilari va akademiyalarning ulkan tajribasi haqida alohida toʻxtaldi.

Elchi janoblari ham Markaziy Osiyo davlatlari ichida Oʻzbekistonda sportiga, xususan, futbolga eʼtibor yuqori ekanligini eʼtirof etdi. Ayniqsa bolalar futbolini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarga ijobiy baho berdi. Yosh futbolchilarni tayyorlashning maxsus tizimlari, jismoniy va ruhiy tayyorgarlik borasidagi Xorvatiya tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Xorvatiyalik mehmonlar Oʻzbekistonlik akademiya jamoalarini muntazam Zagreb shahrida oʻtkaziladigan yoshlar oʻrtasidagi xalqaro musobaqalarga taklif etdi.

Uchrashuvda shuningdek, Ravshan Ermatov Xorvatiya akademiyalarning faoliyati va infratuzilmani oʻrganish, oʻzbekistonlik murabbiylarni amaliyotga jalb qilish, iqtidorli, yosh futbolchilarimizni tajriba almashish uchun Xorvatiya akademiyalariga yuborish borasida oʻz takliflarini bildirdi.

Oʻz navbatida, ikkala tomon kelajakdagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga doimo tayyor ekanligini taʼkidladi.