Bugun futzal bo’yicha O’zbekiston milliy terma jamoasi noyabr oyiga mo’ljallangan navbatdagi o’quv-mashg’ulot doirasida o’rtoqlik uchrashuvi o’tkazdi.

Olmaliqdagi “AGMK” sport kompleksida bo’lib o’tgan bahsda futzalchilarimiz Qirg’iziston vakillariga qarshi bahs olib bordi.

O’yinning 6-daqiqasida posbonimiz Abbos Elmurodov o’z darvozasidan to’p olib chiqishga majbur bo’ldi. Himoyachilarimizning xatosidan unumli foydalangan raqib jamoa a’zosi Nursulton Abdildayev uchrashuvdagi hisobni ochdi.

Birinchi bo’lim so’nggida futzalchilarimiz hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo’ldi. Anasxon Rahmatov yo’llagan zarbani raqib jamoa darvozaboni qaytardi, to’pga birinchi bo’lib yetib kelgan Elbek To’lqinov darvozani ishg’ol etdi.

31-daqiqada Xushnur Erkinov raqib himoyachilarini ajoyib tarzda dog’da qoldirdi va o’tkir burchak ostida darvozaga zarba berdi. Qirg’izistonlik posbon ushbu zarbani qaytarishga ojizlik qildi. Uchrashuvning qolgan daqiqalarida jamoamizda bir qancha qulay imkoniyatlar paydo bo’ldi, biroq o’yin 2-1 hisobida o’z yakuniga yetdi.

Futzal bo’yicha O’zbekiston milliy terma jamoasi 19-noyabr kuni Tojikiston vakillariga qarshi o’rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

🇺🇿 O’zbekiston 2:1 Qirg’iziston 🇰🇬

Gollar: Elbek To’lqinov 18′, Xushnur Erkinov 31′ – Nursulton Abdildayev 6′