Toshkentda FIFAning “Markaziy Osiyo hamda Yevropa milliy assotsiatsiyalar seminari” boshlandi.
Tadbirni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ochib berdi.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Markaziy Osiyo hamda Yevropa milliy assosiatsiyalar seminarining barcha ishtirokchilarini mazkur tadbirda ishtirok etayotgani bilan tabrikladi va uning yuqori darajada tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatgan FIFA, OFK va UEFA rahbariyatiga minnatdorchiligini bildirdi.
— Mamlakatimizda futbolning ommaviyligini yanada oshirish, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash hamda professional darajada tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qarorlar qabul qilinmoqda.
Turli yosh toifasidagi O‘zbekiston milliy terma jamoalari soni 8 tadan 19 taga yetkazilib, ularga sifatli ta’lim beradigan murabbiylar kontingenti 5 barobargacha oshirildi.
FIFA bilan O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga olib chiqildi va tarixda ilk bor futzal bo‘yicha Jahon chempionatini O‘zbekistonda o‘tkazish huquqi qoʻlga kiritildi.
Bugungi seminar davomida futbol infratuzilmasi, moliyaviy investitsiyalarni optimallashtirish, futzal, ayollar hamda bolalar futboli, xalqaro musobaqa va tadbirlarni yuqori darajada tashkil etish yuzasidan mavzular muhokama qilinadi va oʻzaro tajriba almashiniladi. O‘ylaymanki, mazkur hamkorlik, mintaqalarda futbolni yanada rivojlantirishga hamda millatlararo do‘stlikni yanada mustahkamlashga zamin bo‘ladi, ta’kidladi Ravshan Irmatov.
Shuningdek, futbolni rivojlantirish yo‘lida doimiy tajriba almashib borish, xalqaro musobaqalar tashkil etish, murabbiy, hakam va boshqa futbol ta’limi yo‘nalishlaridagi hamkorlik mamlakatlarda futbolni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.