Free ebooks Library zlibrary project

Yurtimiz soʻnggi yillarda xalqaro miqyosidagi nufuzli futbol va futzal boʻyicha musobaqalarni qabul qilish yuzasidan katta qadamlarni tashlamoqda. Ayniqsa, FIFAning 2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionati mezbonligini Oʻzbekistonga ishonib topshirishi bu borada olib borilgan keng koʻlamli ishlarning mahsuli boʻldi.

Futzal boʻyicha dunyo mundialining hal qiluvchi uchrashuvlari mezboni sifatida uchta betakror shaharlar – poytaxt Toshkent, qadimiy Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Buxoro va vodiy durdonasi sanaladigan Andijon tanlab olindi.

Markaziy Osiyoda ilk bor oʻtadigan FIFA shafeligidagi musobaqada dunyoning eng kuchli 24 terma jamoasi futzal boʻyicha Jahon chempionligi uchun kurash olib boradi. Tarixda 10-bor tashkil etilayotgan musobaqada amaldagi gʻolib Portugaliyadan tortib, besh karra chempion Braziliya, shuningdek, Fransiya va Yangi Zelandiya kabi debyutantlar joriy yilning 14-sentyabr va 6-oktyabr kunlari yurtimizda jam boʻlishadi. Toshkent, Buxoro va Andijon shaharlari mezbonlik qiladigan mundialning qurʼa tashlash marosimi kelasi oy yurtimizda tashkil etiladi.

“Biz Oʻzbekistonning boy va rang barang madaniyatini aks ettiruvchi uchta shahri mezbon sifatida tanlab olinganidan juda ham mamnunmiz. Ishonchim komil – 24 ta ishtirokchi terma jamoa buyerda oʻzini xuddi uydagidek his etadi va eng yaxshi sharoitlarda mashgʻulot va oʻyinlarini oʻtkazish imkoniga ega boʻlishadi.

Mazkur musobaqa Oʻzbekistonda, umuman Markaziy Osiyoda oʻtkaziladigan dastlabki FIFA turniri sanaladi va bu jihat musobaqaning qiymati va ahamiyatini yanada oshiradi. Bu tashkilotimizning yanada global miqyos kasb etish boʻyicha maqsadlariga toʻla mushtarak keladi”, — dedi FIFA musobaqalar oʻtkazish boʻlimi rahbari Haime Yarza.

Bu xususda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov shunday dedi:
“Bu ajoyib tadbirga mezbonlik qilish biz uchun katta sharaf. Oʻzbekiston jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgan ajoyib mamlakat va biz endi dunyoning eng yaxshi futzalchilari va murabbiylarini qabul qilish va ularni ushbu maftunkor maskan bilan yanada yaxshiroq tanishtirishga hozirlik koʻrishimiz mumkin. Futzalning butun dunyoga mashhurligini inobatga olgan holda, butun jahondan minglab muxlislar tribunalarni toʻldirib, oʻz jamoalarini qoʻllab-quvvatlashi, barchaning ushbu tadbirdan bahramand boʻlishi va ajoyib muhit yaratishlarini kutyapmiz.”

Qayd etish joiz, futzal boʻyicha FIFA Jahon chempionati-2024 rasmiy qurʼa tashlash marosimi shu yilning 26-may sanasida tashkil etiladi.