Free ebooks Library zlibrary project

Oʼtgan yilning kuzida Osiyo futbol konfederatsiyasining bolalar-oʼsmirlar futbolini rivojlantirish masalalari boʼyicha masʼul xodimi Laslo Salai boshchiligidagi maxsus ishchi guruh yurtimizda boʼlib, “Bunyodkor” hamda Andijon viloyati hududiy futbol akademiyasining ish-faoliyati, infratuzilmasi hamda yosh futbolchilarni tarbiyalash dasturi bilan tanishgan edi. Bundan koʼzlangan asosiy maqsad – mazkur akademiyalarning OFK elit oʼsmirlar tuzilmalari safiga qoʼshishga mos kelishini aniqlash va shu asosda akademiyalarga “uch yulduzli” tizim boʼyicha maqom taqdim etish edi.

Oʼrganishlar xulosasi oʼlaroq OFK Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasiga “Bunyodkor” hamda Andijon viloyati hududiy futbol akademiyalarining Osiyo futbol konfederatsiyasi elit oʼsmirlar tuzilmasining toʼlaqonli aʼzolari maqomini olgani boʼyicha maktub yoʼlladi. Xususan, “Bunyodkor” futbol akademiyasi “ikki yulduzli” akademiya maqomiga ega boʼldi. Andijon viloyati hududiy futbol akademiyasi esa “bir yulduzli” maqomiga ega boʼldi.

Qayd etish joiz, bunday maqomga ega boʼlgan akademiyalar qitʼa futbol uyushmasi oʼtkazadigan turli musobaqa hamda sport tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ham ega boʼladi.

Taʼkidlash lozim, “Bunyodkor” akademiyasi “ikki yulduz”ga ega boʼlgan Oʼrta Osiyodagi yagona futbol akademiyasiga aylandi. “Uch yulduzli” akademiya maqomi qitʼamizda Qatardagi “Aspire” akademiyasidagina mavjud.