Free ebooks Library zlibrary project

Xabaringiz bor, joriy yilning avvalidan butun dunyo boʻylab koronavirus pandemiyasining tarqalishi sabab ommaviy tadbirlar, jumladan, sport musobaqalari ham bekor qilinmoqda.

Shu tufayli koʻplab sport yulduzlari ham oddiy aholi singari karantin davrini oʻz uylarida oʻtkazishmoqda. Joriy yilning 16-martidan boshlab Oʻzbekistonda ham barcha sport musobaqalari bekor qilindi. Shu boisdan, milliy terma jamoa aʼzolari ham oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari bekor qilingach, oʻz uylarida karantin qonun-qoidalariga koʻra masofadan turib mashgʻulotlar oʻtkazmoqda.

Har bir sportchi ayni damda maxsus nazorat ostida trenerlarning koʻrsatmalari asosida ish olib borishmoqda. Shunday boʻlsa-da, mashhur sportchilarning karantin davridagi hayoti koʻpchilik uchun qiziq. Buni inobatga holda Oʻzbekiston sporti yulduzlarining oʻz uylarida nimalar bilan band ekanligiga toʻxtalib oʻtishga qaror qildik.

Ayni paytlarda katta sportdan uzilmagan holda musobaqalarda ishtirok etayotgan kam sonli oʻzbekistonliklardan biri bu Jasur Yaxshiboyevdir. Hamyurtimiz futbol boʻyicha butun Yevropa qitʼasi boʻyicha toʻxtatilmagan yagona chempionat Belorus oliy divizioni klubida toʻp surmoqda.

Eʼtiborlisi, iqtidorli futbolchimiz butun dunyo futbol ixlosmandlari muxlislik qilayotgan ushbu chempionatda jamoasi “Energetik-BGU” bilan 3 ta tur oʻyinida qatnashdi va musobaqada ochko yoʻqotmagan yagona jamoa sifatida turnir yakka peshqadami boʻlib turibdi.

Har uchchala oʻyinda asosiy tarkibda maydonga tushgan Yaxshiboyev raqiblari darvozasini uch marta ishgʻol qilgan holda toʻpurarlar poygasida ham birinchi oʻrinda joylashgan. Shuningdek, iqtidorli futbolchimiz hisobida bitta samarali toʻp uzatmasi ham bor.

“Energetik-BGU” jamoasi safida Jasur Yaxshiboyevdan tashqari Shohboz Umarov ham harakat qilmoqda. Umarov hozircha jamoasining oʻyinlariga zaxiradan qoʻshilmoqda. Umid qilamizki, tez kunlarda bu hamyurtimiz ham samarali oʻyinlari bilan muxlislar mehrini qozona oladi.

Koronavirus balosi butun dunyoga Xitoydan tarqagan edi va birinchilardan boʻlib bu davlatda karantin davri joriy qilingandi. Ammo bugungi kunga kelib xitoyliklar virus ustidan gʻalaba qozonish arafasida turibdi. Hattoki tez kunlarda Xitoyda sport musobaqalari oʻtkazilishi jarayonlari qayta tiklanadi.

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Odiljon Ahmedov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qilishicha, futbol boʻyicha Xitoy chempionatining bu yilgi mavsumiga keyingi oyning boshida start berilishi kutilmoqda.

Ayni paytda karantin davrini Xitoyda oʻtkazayotgan Odiljon Ahmedov koronavirusni yengishda yordam koʻrsatish maqsadida oʻz hisobidan Oʻzbekistonga ikki marta katta xayriyani amalga oshirdi. Dastlab, Namangan viloyati aholisi uchun 600 mln soʻm miqdorida mablagʻlarni xayriya sifatida taqdim qilgan boʻlsa, keyinchalik futbolchimiz Xitoydan turib mamlakatimizga yirik miqdordagi tibbiy mahsulotlaridan iborat insonparvarlik yukini joʻnatdi.

Avvalroq, Odilning aka-ukalari Namangandagi muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatgani haqida maʼlum qilingan edi.

Xayriya ishlari terma jamoamizning boshqa bir aʼzosi Otabek Shukurov tomonidan ham amalga oshirilgandi. “Sharja” klubi futbolchisi BAAning amaldagi chempioni Shukurov karantin davrini oʻzi tugʻilib oʻsgan Chiroqchi tumanida oilasi davrasida oʻtkazmoqda.

Futbolchimiz Chiroqchi ahli uchun 100 mln miqdordagi oziq ovqat mahsulotlarini tarqatgandi.

Hozirgi paytdagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasining eng kuchli futbolchilaridan boʻlib turgan Eldor Shomurodov ham karantin tufayli Rossiyada qolib ketgan “Bunyodkor” klubi oʻsmirlar jamoasiga yordam berdi.

“Bunyodkor” klubining 2004-yilda tavallud topgan futbolchilardan tashkil topgan jamoasi har yili anʼanaviy tarzda tashkillashtiriladigan IX Sergey Igorevich Vaxrushev xotira turnirida ishtirok etish uchun Rossiyaning Krasnodar shahriga tashrif buyurgan. Ammo, 17-mart kuni Rossiya sport vazirligi mamlakat hududida har qanday xalqaro musobaqalarni oʻtkazishni taqiqladi va xotira turniri ham shu qarorga koʻra bekor qilindi.

Musobaqaning tugashini inobatga olagn holda Rossiyadan qaytish chiptalari keyinroqqa olingani bois futbolchilar bir necha kun davomida Rossiyada qolib ketdi. Jamoa bir muddat Krasnodarda boʻldi va Rostovga koʻchib oʻtdi. Yosh futbolchilar bir necha kun davomida mehmonxonada istiqomat qilishgan.

Maʼlum boʻlishicha, Eldor oʻz hisobidan yosh futbolchilarga yordam bergan hamda jamoa aʼzolariga Rostovdan Moskvaga borish chiptalarini olib bergan. Soʻngra “Bunyodkor-2004” vakillari Oʻzbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan charter reys orqali Moskvadan Oʻzbekistonga olib kelindi.

Rio-2016 Olimpiadasi gʻolibi, hozirda professional boksda faoliyatini davom ettirayotgan Fazliddin Gʻoibnazarov ham karantin davrini oʻz uyida oʻtkazmoqda.

Shahobiddin Zoirov oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga ushbu rasmni joyladi. Musobaqalar va mashgʻulotlardan boʻshamaydigan sportchilar endi oʻz oilalariga koʻproq vaqt ajratish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda.

Karantindan oldin Murod Xontoʻrayevning yana katta sportga qaytayotgani haqida xabarlar yangragan edi. Ammo, hozircha sportchimiz karantinni oʻz uyida ishdan va sportdan uzilmagan holda oʻtkazmoqda.

Nufuzli musobaqalarda biroz omad yetishmaydigan bokschimiz Elnur Abduraimov karantin davrida mashgʻulotlarga zoʻr bergan. U Tokio olimpiadasida omadni ham jilovlamoqchi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Manba: minsport.uz