Free ebooks Library zlibrary project

Bir necha kundan soʻng butun Respublika boʻylab futbol mahorat maktablarida 2022-2023-oʻquv yili uchun imtihon jarayonlari start oladi. Mazkur jarayonlar oldidan OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov boshchiligida imtihon-sinovlarini yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud kamchiliklar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Videoanjuman shaklida oʻtgan yigʻilishda Sportni rivojlantirish vazirligi va OʻFA mutasaddilari, hududiy futbol assotsiatsiyalari vitse-prezidentlari va futbol mahorat maktablari direktorlari ishtirok etdi.

Yigʻilish avvalida har bir mutasaddi va mutaxassis qabul jarayoni va imtihon sinovlariga masʼuliyatni toʻliq his qilgan holda yondashishi zarurligi taʼkidlandi. Bu jarayon eng muhim bosqich ekanligi, 11 yoshli futbolchilar bir necha yillar oʻtib terma jamoalardan joy olishi, shu sababli imtihonlari professional va toʻgʻri oʻtkazish bevosita futbolimiz kelajagiga oʻz taʼsirini oʻtkazishi aytildi.

Bundan tashqari, imtihon sinovlarida shaffoflikni taʼminlash, adolat mezonlariga amal qilishda OʻFA tomonidan Sportni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda qabul jarayoni va imtihonlarni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, barcha jarayon mazkur reja asosida oʻtkazilishi kerakligi eslatildi.

Imtihon mezonlariga muvofiq, professional instruktorlar salohiyati bor futbolchini saralashda, avvalo, bolaning iqtidor va isteʼdodiga baho berishi kerakligi aytib oʻtildi. Shuningdek, imtihonlarni bevosita kuzatib borishda ota-onalarga sharoitlarni taqdim etish, jarayonni onlayn translyatsiya qilish, zarur moddiy-texnik uskunalar va inventarlarni oʻz vaqtida taʼminlash, sinov oʻtkaziladigan maydonlar sifatiga alohida eʼtibor qaratish zarur ekanligi taʼkidlab oʻtildi.

Yigʻilish davomida hududiy futbol assotsiatsiyalari va futbol mahorat maktablari vakillari oʻz viloyatlaridagi imkoniyat va tajribalardan kelib chiqib, imtihon jarayonlarini yanada yaxshiroq tashkil etish boʻyicha fikr va takliflar bildirdi.