Free ebooks Library zlibrary project

Tojikistonda oʻtkazilgan “CAFA Womenʼs Championship-2022” musobaqasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston ayollar milliy terma jamoasi yurtimizga yetib keldi. Delegatsiyani Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, OAV, muxlislar hamda keng jamoatchilik vakillari kutib oldi.

Futbolchilarni taqdirlash marosimi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida davom etdi. Bayramona ruhda oʻtgan tadbir avvalida OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov futbolchilarimizni OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov, qolaversa, butun futbol jamoatchiligi nomidan musobaqadagi gʻoliblik bilan tabrikladi. Ushbu natijaning ortida yurtimizda ayollar futboliga berilayotgan eʼtibor, qolaversa ahillik va jamoaviy mehnat yotganini taʼkidlab oʻtdi.

“Keyingi yillarda ayollar sporti, xususan, futbolga berilayotgan eʼtibor ortib bormoqda. OʻFA tomonidan ham ayollar futbolini rivojlantirish, ushbu yoʻnalishdagi mavjud sharoit va kamchiliklarni oʻrganib borish hamda uni bartaraf etish maqsadida ayollar qoʻmitasi tashkil etildi. Umuman olganda, bu yoʻnalishda tizimli rivojlanishni yoʻlga qoʻyish, ayollar futbolini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilganmiz. Ayol futbolchilarimiz faoliyatlarini tugatganidan soʻng ham futbol ichida qolishi, xususan, murabbiylik, hakamlik, seleksionerlik va menejerlik kabi yoʻnalishlarda bepul oʻqishlari uchun OʻFA tomonidan sharoitlar taqdim etilgan. Bu esa, oʻz navbatida, ayollar futboli mutaxassislarining oshishiga ham xizmat qiladi.

Terma jamoaga esa yaponiyalik murabbiylar shtabi jalb etildi. Oʻz oʻrnida, natijalarimiz ham kundan kunga yaxshilanib bormoqda. Umid qilamizki, bu bilan toʻxtab qolmaysiz. Bunda-da yuqori maqsadlar — Olimpiada va Jahon chempionati yoʻlida tinmay mehnat qilib, oʻz ustingizda ishlab borishingizga ishonamiz”, deya taʼkidladi Ravshan Ermatov.

Shundan keyin bosh murabbiy Midori Honda ham soʻz olib, oʻtkazilgan turnir futbolchilarimizning xalqaro miqyosdagi tajribalarini yanada orttirishga xizmat qilgani, ularning nimalarga qodir ekanliklarini bilib olishlariga yordam berganini aytib oʻtdi. Jamoa nomidan terma jamoa sardori Nilufar Qudratova OʻFAga eʼtibor uchun minnatdorchilik bildirdi. Tadbir yakunida futbolchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.