Free ebooks Library zlibrary project Bitcore Vision

Tailand poytaxti Bangkok shahrida OFKning futzal va plyaj futboli qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Yig‘ilishda har ikki sport turining davomiy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida bir qancha muhim qarorlar qabul qilindi. Unda O‘FA qoshidagi futzalni rivojlantirish qo‘mitasi rahbari Jahongir Usmonov ham ishtirok etdi.

Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi final uchrashuvi arafasida tashkil etilgan tadbirda qo‘mita raisi Mehdi Taj Tailand va Eron Islom Respublikasi jamoalarini final bosqichiga yo‘llanma olgani bilan tabrikladi, shuningdek, Tailand futbol assotsiatsiyasiga ajoyib mezbonlik va tashkilotchilik uchun minnatdorlik bildirdi.

Qo‘mita 2025-yilda start oladigan futzal bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi birinchi FIFA Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan OFK ayollar futzali bo‘yicha Osiyo kubogi–2025 turnirining formati, musobaqa sanalari va reglamentini tasdiqladi.

2025-yilning 7-18-may kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan futzal bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogi final bosqichida qit’aning eng kuchli 12 terma jamoasi har biri to‘rtta jamoadan iborat uchta guruhga bo‘lingan holda ishtirok etadi. Har bir guruhda dastlabki ikki o‘rin egalari va ikkita eng yaxshi uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar chorak finalga yo‘l oladi.

Osiyo kubogida sovrindor bo‘lgan 3 terma jamoa esa futzal bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi ilk Jahon chempionatiga yo‘llanma oladi. Qo‘mita, shuningdek, OFK ma’muriyatiga saralash o‘yinlari formati va musobaqa sanalarini aniqlab berish vazifasini topshirdi, ular qabul qilingan arizalar sonidan kelib chiqqan holda hal qilinadi va 2025-yilning yanvar oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qo‘mita yig‘ilishida, shuningdek, Osiyo futzalining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan masalalar ham kun tartibiga qo‘yildi.

Qo‘mita a’zolari, 2024-yilning 15-24-noyabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Plyaj futboli bo‘yicha Osiyo kubogining saralash o‘yinlari formati va musobaqa sanalari to‘g‘risida fikr almashishdi.

Bundan tashqari, hakamlar, texnik va rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan keng qamrovli tashabbuslar hamda dasturlar, jumladan, OFK futzal va plyaj futboli bo‘yicha murabbiylik kurslari, a’zo assosiatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha onlayn uchrashuvlar masalalari ham muhokama qilindi.