Free ebooks Library zlibrary project Bitcore Vision

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi futzal boʻyicha yurtimizda oʻtkaziladigan 2024-yilgi Jahon chempionatiga yuqori saviyada tayyorgarlik koʻrish maqsadida taniqli ispaniyalik mutaxassis Xose Venansio Lopes bilan muzokaralar olib bordi.

Bugun OʻFA rahbariyati va tajribali murabbiy oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi. Unda OʻFA Prezidenti Abdusalom Azizov Oʻzbekistonda sportga, xususan, futbol va futzalga qiziqish yuqori ekanligini qayd etib, terma jamoa oldiga keyingi yilgi mundialda munosib ishtirok etish vazifasi qoʻyilganini taʼkidladi. Bu borada xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bilan hamkorlik qilish orqali kelgusida infratuzilmani Yevropa standartlari asosida shakllantirishga xizmat qilishini e’tirof etdi.

Xose Venansio Lopes 2024-yilgi Oʻzbekiston futzal boʻyicha Jahon chempionatini qabul qilishi katta voqea ekanligi, mamlakatda futbol va futzal rivojlanib borayotgani Oʻzbekiston terma jamoasida ishlashga turtki boʻlganini qayd etdi va bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis terma jamoada ishlash bilan bir qatorda UEFA va FIFA instruktori sifatida mahalliy murabbiylarni tayyorlash, terma jamoalarga futzalchilar yetkazib berish boʻyicha tizim ishlab chiqish, infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, Jahon chempionatining tashkiliy yoʻnalishlarida ham oʻz tajribasi bilan koʻmaklashishga tayyorgini maʼlum qildi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va Xose Venansio Lopes oʻrtasida shartnoma imzolandi. OʻFA rahbari oldinda turgan masʼuliyatli turnirlarga munosib tayyorgarlik koʻrish boʻyicha barcha sharoitlar taqdim etilishini maʼlum qilib, bosh murabbiyga omad tiladi.