Free ebooks Library zlibrary project

Sir emaski, inson uchun salomatlikni saqlashning asosiy manbai – bu badantarbiya mashgʻulotlaridir. Oʻz vaqtida va muntazam badantarbiya bilan shugʻullanadigan kishilarga dard yaqin yoʻlamaydi. Qolaversa, bu mashqlar kishidan ortiqcha vaqt va mablagʻ ham talab qilmaydi. Ana shunday har jihatdan foydali va kamxarj badantarbiya mashqlari sirasiga xalqimizda “lanka” nomi bilan tanilgan qarabtep xalq oʻyini ham kiradi.

Abu Ali ibn Sino bu oʻyin haqida nima degan?

Dunyoning koʻplab mamlakatlarida keng tarqalgan va ommabop oʻyin boʻlmish Qarabtep bilan koʻp asrlar mobaynida asosan xalq sayillari, “Navroʻz” bayramlarida oʻynab kelishgan. Mamlakatimizda biron-bir oʻzbek xonadoni boʻlmasa kerakki, Qarabtep oʻyinini bilmaydigan va sevib oʻynashmagan boʻlsa. Yaqin-yaqingacha oʻzbek mahallalarida mazkur oʻyinni yosh-u qari birdek sevib oʻynab kelishardi. Qolaversa xitoy, moʻgʻul, turkiy va boshqa sharq xalqlarida ham qarabtep bilan aynan oʻxshash yoki qoidalari yaqin boʻlgan xalq oʻyinlari mavjud va ular asrlar mobaynida bugungi kungacha yetib kelgan. Sababi oddiy, bu oʻyin uchun maxsus joy yoki asbob-anjomlar talab qilinmaydi. Shuningdek, qarabtepni maxsus tayyorgarliklarsiz har qanday joyda oʻynash mumkin. Sobiq ittifoq davrida turli tazyiqlarga uchragan boʻlishiga qaramay Qarabtep xalqimizning sevimli milliy oʻyin turlaridan biri boʻlib qoldi va bugungacha yetib keldi. Nihoyat yangi ming yillikda Polvonlar milliy markazi tomonidan Qarabtep oʻyini qayta tiklandi va uni yana-da ommaviylashtirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻyinning amaliy ahamiyati haqida gapirganda taʼkidlash muhimki, u tepkichida oyoq-qoʻl harakati koʻnikmalari, chaqqonlikni shakllantirgan. Makonda harakatlanish dinamikasi, ekstremal holatlarda tanani koʻz yordamida va koʻz ishtirokisiz – telepatik boshqarish koʻnikmalarini rivojlantirgan.

Qarabtep oʻyini barcha oʻyin sport turlarining poydevori hisoblanadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu oʻyinni toʻliq egallagan yosh oʻyinchi chaqqon, epchil va har qanday holatda oʻz muvozanatini toʻla idrok eta oladi, bu esa har qanday sport turi uchun muhim jihatdir.

Hozirgi koronavirus xavfi kuchayib borayotgan bir paytda Oʻzbekistonda yoshlarni va ota-onalarni ushbu oʻyin bilan shugʻullantirish orqali ularni koʻchaga chiqmasdan, uyda jismoniy faol mashgʻulot atrofida birlashishlariga xizmat qiladi.

Uzoqqa bormaylik, qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi hukumati hozirgi karantin davrida barcha oilalarni Qarabtep oʻyini bilan shugʻullanishga chorlamoqda. Bu bilan ular hozirgi paytda juda muhim boʻlgan ikkita maqsadga erishmoqda, deyish mumkin. Avvalo, aholining salomatligi mustahkamlanadi, immuniteti oshadi. Qolaversa, Qarabtep bilan uy sharoitida, xoh u hovli, xoh kvartira boʻlsin, bemalol shugʻullanish mumkin.

Shu oʻrinda tib ilmi sultoni, ulugʻ mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning badantarbiyaga alohida ahamiyat qaratish borasida aytgan quyidagi fikrlariga eʼtibor qaratishni oʻrinli, deb hisoblayman.

“Sogʻliqni saqlashning asosiy tadbiri badan tarbiya boʻladi. Biz bilamizki, badan tarbiya kishini chuqur va ketma-ket nafas olishga majbur qiluvchi ixtiyoriy harakatdir.

Moʻtadil ravishda va oʻz vaqtida badan tarbiya bilan shugʻullanuvchi odam buzilgan xiltlar tufayli kelgan kasalliklarning va mijoz hamda ilgari oʻtgan kasalliklar tufayli keluvchi kasalliklarning davosiga muhtoj boʻlmaydi.

Badan tarbiyaning kuchli turiga maydonda qilinadigan kishining oʻz soyasi bilan olishish oʻyini (Qarabtep oʻyini) kiradi”.

“Tib qonunlari”, 1-tom.

Bu esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalqimizni sogʻlomlashtirishda Ibn Sino qoldirgan amaliyotlardan foydalanishimiz kerak”, degan daʼvatlariga aynan mos keladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati