Free ebooks Library zlibrary project

Xabaringiz bor, ayni vaqtda koronavirus pandemiyasi sabab deyarli butun dunyoda futbol uchrashuvlari vaqtincha toʼxtatilgan. Shu jumladan, mamlakatimizda ham futbol mavsumi karantin sabab vaqtincha tanaffusga chiqqan.

Lekin bu futbolchilar kundalik mashgʼulotlarni toʼxtatganini anglatmaydi. Turli yoshdagi terma jamoalarimizga nomzod futbolchilarning barchasi karantin qoidalariga toʼliq rioya qilgan holda uy sharoitida mashgʼulotlar oʼtkazib borishmoqda.

Ushbu jarayonni Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi terma jamoalar boʼlimi vakillari, shuningdek terma jamoalarimiz murabbiylar shtabi muntazam nazorat qilib bormoqda.

Oʼtgan hafta OʼFA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov barcha yoshdagi terma jamoalarimiz bosh murabbiylari bilan videomuloqot oʼtkazib, unda koronavirus sabab yuzaga kelgan ayni tanaffus, uning terma jamoalar taqvim rejasiga koʼrsatadigan taʼsiri, qolaversa ushbu vaqt oraligʼida terma jamoalarga nomzod futbolchilarning sport formasini barqaror tarzda ushlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar kabi masalalar batafsil muhokama etilgan edi.

Bugun OʼFA rahbariyati, terma jamoalar boʼlimi vakillari, U-16 hamda U-19 terma jamoalarimiz ustozlari ushbu yoshdagi terma jamoa aʼzolari bilan videomuloqot orqali bogʼlanib, ularning uy sharoitidagi mashgʼulot jarayonini bevosita kuzatib borishdi. Iliq ruhda oʼtgan muloqot jarayonida futbolchilar murabbiylar shtabi tomonidan ishlab chiqilgan uyda bajarish lozim boʼlgan mashgʼulotlar majmuasini muntazam bajarib borishayotganini, bu orqali sport formasini imkon darajasida yaxshi ushlashga intilishayotganini, qolaversa karantin davrida uyda vaqtni mazmunli oʼtkazishga harakat qilishayotgani taʼkidlab oʼtishdi.