Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda bir qator uchrashuvlardagi intizomiy ishlar koʻrib chiqildi.

Superliga

OKMK — “Soʻgʻdiyona”

Superliganing 21-turi doirasidagi OKMK — “Soʻgʻdiyona” uchrashuvi boʻyicha OKMK futbol klubidan murojaat kelib tushgan. Unga koʻra, mazkur uchrashuvning 67-daqiqasida OKMK futbolchisi S.Raxmonovga uchrashuv bosh hakami tomonidan berilgan ikkinchi sariq, qizil kartochka boʻyicha vaziyat Oʻzbekiston futbol hakamlari markazining tashabbusi hamda OKMK futbol klubi murojaatiga asosan Espert hakamlar komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilib, bosh hakam tomonidan ushbu vaziyatda xato qaror chiqarilgan deb topilgan.

Sardor Raxmonovga koʻrsatilgan ikkinchi sariq va qizil kartochka Intizom kodeksining 5.61-bandiga asosan bekor qilindi.

“Nasaf” — “Neftchi”

Superliganing 21-turi doirasidagi “Nasaf” — “Neftchi” uchrashuvi yakunlangandan soʻng “Nasaf” bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyev raqib jamoa aʼzolariga nisbatan haqoratli soʻzlar ishlatgani va ularga nisbatan tajovuzkor harakatlar qilgani qayd etilgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Roʻziqul Berdiyevga (Nasaf) nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Proliga

“Mashʼal” — “Lokomotiv”

Pro liganing 20-turi doirasidagi “Mashʼal” — “Lokomotiv” uchrashuvining birinchi boʻlim yakunlangandan soʻng “Lokomotiv” futbolchisi O.Zoteyev uchrashuv zaxira hakami shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatgani uchun maydondan chetlashtirilgan. Mazkur holat boʻyicha “Lokomotiv” futbol klubi uchrashuv hakami tomonidan futbolchi O.Zoteyevga berilgan qizil kartochka boʻyicha oydinlik kiritishda amaliy yordam soʻralgan.

Qoʻmita yigʻilishida uchrashuv zaxira hakami F.Norsafarov va futbolchi O.Zoteyevlarning koʻrsatmalari tinglandi, shuningdek taklif etilgan mutaxassislarning xulosalariga muvofiq berilgan qizil kartochkani bekor qilish uchun yetarlicha asoslar topilmadi.

Shuningdek, uchrashuvining 59-daqiqasida “Lokomotiv” klubi murabbiyi A.Miklyayev bosh hakam shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatgan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Andrey Miklyayevga (Lokomotiv) nisbatan 2 ta oʻyinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.