Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Hayrdarov uchrashuvdan soʻng matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Oʻyin haqida:
Indoneziyaga qarshi oʻyin biz uchun juda muhim edi. Shu sababli bor eʼtiborimizni mazkur oʻyinga qaratgan edik. Uchrashuvda gʻalaba qozonishni maqsad qilgandik, biroq bir nechta vaziyatlardan foydalana olmadik. Raqiblarimiz ham ajoyib oʻyin koʻrsatishdi, ular himoyada ancha tartibli oʻynashdi.

Tarkibdagi oʻzgarishlar haqida:
Biz bugun durang uchun maydonga tushmadik, shunchaki bir nechta futbolchilarimizga dam olish imkoniyatini taqdim qildik. Bundan tashqari, bilasiz, rotatsiya ham muhim hisoblanadi. Bu orqali kam oʻynayotgan futbolchilarimizga oʻyin amaliyotini berishni maqsad qilgandik. Aytganimdek, barchasi reja asosida amalga oshirildi. Oʻylashimcha, bugun maydonga tushgan futbolchilar oʻzlarini yaxshi tomonlama koʻrsatishdi.

Umarali Rahmonaliyev haqida:
Bugun u yaxshi oʻyin koʻrsatdi. Raqiblarimiz himoyada zich oʻynagani tufayli zonalar ochish, vaziyat yaratishda qiyinchiliklar boʻldi. Biroq biz bir nechta yaxshi vaziyatlarga ega boʻldik. Masalan, Ahrorovda ham ajoyib imkoniyat boʻldi, lekin bu gol bilan tugamadi. Umuman olganda, bugungi oʻyin yaxshi oʻtdi. Biz bu oʻyinni koʻrib chiqamiz va tahlil qilamiz.

Avstraliyaga qarshi kechadigan keyingi uchrashuv haqida:
Eng avvalo tiklanish jarayonlari ustida ishlaymiz. Bilasiz, chorak finaldagi oʻyin juda muhim hisoblanadi. Raqibga keladigan boʻlsak, ularda yaxshi jamoa shakllangan. Biz reja asosida ishlashda davom etamiz. Raqiblarimizni oʻrganib va tahlil qilib boramiz. Umuman olgan, ushbu oʻyinga ham har tomonlama tayyorgarlik koʻramiz.