Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov va jamoa sardori Umarali Rahmonaliyev Avstraliyaga qarshi oʻyin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

Ravshan Haydarov

Ertangi oʻyin haqida:
Hammaga hayrli kun. Ushbu bosqichga yetib kelgan barcha jamoalarni tabriklayman. Chorak final oʻyinlari barcha uchun muhim hisoblanadi. Bilasiz, bu oʻyin Jahon chempionati yoʻllanmasini ham taqdim etadi. Shu sababli biz mazkur muhim oʻyinda gʻalaba uchun ishtiyoq bilan harakat qilamiz.

Hujumchilar haqida:
Bilasiz, futbolda hujum chizigʻi har doim oʻziga yarasha muammo boʻlgan. Biroq aytishim kerak, bizda yaxshi darajadagi hujumchilar bor. Xususan, Poʻlatxo‘ja ham oʻtgan oʻyinlarda yaxshi tomonlama oʻzini koʻrsatdi. Unda yetarli tajriba bor.

Avvalgi turnirlarda olingan tajriba va futbolchilarga motivatsiya berish haqida: 
Men va murabbiylar shtabim bu kabi musobaqalarda avval ham ishtirok etganmiz va tajriba toʻplaganmiz. Bunday musobaqalar, xususan, JCh yosh futbolchilar uchun juda muhim hisoblanadi. Bu futbolchilar bizning kelajagimiz. Aytganimdek, ularning oʻsishlari, faoliyatlarida yirik turnirlar katta ahamiyatga ega. Biz buni futbolchilarga tushintirib boryapmiz.

Guruh bosqichi va chorak final oʻyinlari:
Guruh bosqichida oʻziga yarasha murakkab oʻyinlarda oʻynadik. Avstraliyaga qarshi oʻyin esa yangi tarix. Biz bu jamoaga boshqacha yondashuv bilan tayyorgarlik koʻrmoqdamiz. Masʼuliyat va sovuqqonlik bilan kerakli natija uchun maydonga tushamiz.

Umarali Rahmonaliyev

Ertangi oʻyin haqida:
Assalomu alaykum, barcha yurtdoshlarimizni katta futbol bayrami bilan tabriklayman.

Murabbiyimiz aytganidek, bu oʻyin biz uchun muhim hisoblanadi. Biz minimum vazifani bajardik. Endilikda keyingi oʻyinda ham ishonchli natija koʻrsatishni maqsad qilganmiz. Bu borada tayyorgarlik ham olib boryapmiz. Raqibimizni oʻrganishda davom etyapmiz.

Uzoq masofadan zarbalar haqida:
Uzoq masofadan zarbalar ham boʻlyapti. Biroq koʻp emas. Mashgʻulotlarda bu ustida ham ishladik. Balki ertaga shunday masofadan gol urarman.