Free ebooks Library zlibrary project

Xabaringiz bor, shu kunlarda Oʻzbekiston U-15 terma jamoasi Zayniddin Tojiyev boshchiligida Toshkentda yigʻin oʻtkazdi. Jamoa oldida bir qator muhim turnirlar kutib turibdi. Xususan, vakillarimiz Xorvatiyada boʻlib oʻtadigan “Vlatko Markovich” U-15 xalqaro musobaqasida ishtirok etadi.

Kecha OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ushbu musobaqa oldidan tayyorgarlik rejalari bilan tanishish, murabbiylar shtabi va futbolchilar bilan suhbatlashish maqsadida terma jamoa bazasiga tashrif buyurdi. Uchrashuvda OʻFA tomonidan futbolchilarimizning oldinda turgan turnirlarga sifatli va tizimli tayyorgarlik koʻrishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi maʼlum qilindi.

Ravshan Ermatov futbolchilar bilan suhbatda har bitta mashgʻulotlarga astoydil kirishish, turnirlarga jiddiy tayyorgarlik koʻrish, buning uchun har kuni oʻz ustida ishlash zarurligini ta’kidlab, terma jamoa aʼzosi boʻlish har bir futbolchi uchun sharaf ekanligiga e’tibor qaratdi. Bu borada hozirdanoq professionalizm, intilish va mehnatsevarlikni oʻzida mujassam qilib borish kerakligini aytdi.

Zayniddin Tojiyev boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va imkoniyatlari xususida suhbatlashildi. Har kunlik tayyorgarlikka zamonaviy yondashish, yangi texnologiyalarni jalb etish, sport tibbiyoti, farmakologiya, vitaminizatsiya va tiklanish jarayoniga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Eslatib oʻtamiz, “Vlatko Markovich” xalqaro turnirida umumiy hisobda 8 ta — Xorvatiya, Oʻzbekiston, Irlandiya, Bosniya va Gersegovina, Uels, Bolgariya, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya terma jamoasi ishtirok etadi. Vakilalarimiz “A” guruhidan joy olgan boʻlib, guruhda Xorvatiya, Irlandiya va Chernogoriya terma jamoalariga qarshi toʻp surishadi.

Jamoamizning dastlabki oʻyini 11-may kuni mezbon Xorvatiyaga qarshi oʻtkaziladi.