Xabar berganimizdek, Oʼzbekiston Liga Kubogining yangi mavsumida qoʼshni Qirgʼiziston va Tojikiston jamoalari ham ishtirok etadi.
OʼFA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov musobaqada qoʼshni mamlakatlar jamoalari ishtirok etishi Liga Kubogining nufuzi va tomoshabopligini oshirishga ham xizmat qilishini aytib oʼtdi:
– Oʼzbekiston Liga Kubogi bahslarida Qirgʼiziston hamda Tojikistonning yetakchi klublari qatnashishi mazkur musobaqaga boʼlgan eʼtibor va qiziqishning ham ortishiga sabab boʼladi. Endilikda mazkur turnir uchrashuvlarini nafaqat Oʼzbekistonda, balki qoʼshni davlatlarda ham kuzatib borishadi. Qolaversa, oʼzaro qardosh boʼlgan mamlakatlar oʼrtasidagi aloqalar futbol orqali yanada mustahkamlanadi. Katta yoshdagi muxlislar Markaziy Osiyo jamoalarining derbilariga koʼp bora guvoh boʼlishgan. Ular mintaqamiz klublarining oʼzaro shiddatli toʼqnashuvlarini sogʼinishgani tayin. Shu boisdan ham Liga Kubogi bellashuvlariga qoʼshni mamlakatlar jamoalarini ham taklif etdik va ular bu taklifni qabul qilishganidan juda ham mamnunmiz. Endilikda muxlislar oʼz sevimli jamoalarining Tojikiston yoki Qirgʼiziston yetakchi klubiga qarshi oʼyinini kuzatish uchun qoʼshni mamlakatlarga ham borishlari mumkin boʼladi. Kelasi mavsumlarda mintaqamizning boshqa mamlakatlari jamoalari ham musobaqada ishtirok etishlari kutilmoqda, – deya taʼkidladi OʼFA Birinchi vitse-prezidenti.