Free ebooks Library zlibrary project

Bilasiz, oʼtgan yili ilk bor Oʼzbekiston Liga Kubogi musobaqasi tashkil etildi.

Joriy yildan eʼtiboran mazkur musobaqada qoʼshni mamlakatlar jamoalari ham qatnashishlari mumkin ekani eʼlon qilinib, bu boradagi xat OʼFA tomonidan Tojikiston, Turkmaniston va Qirgʼiziston futbol federatsiyalariga yuborilgan edi.

Liga kubogi musobaqasining 2020-yilgi mavsumida Qirgʼiziston hamda Tojikistondan 4 tadan jamoa qatnashadigan boʼldi. Qirgʼizistonning yetakchi klublari – “Dordoy” (Bishkek), “Аlay” (Oʼsh), shuningdek, “Аbdish-ata” (Kant) hamda “Kaganat” (Oʼsh) klublari yangi mavsumda Liga Kubogi bahslarida qatnashishini tasdiqlab, rasmiy xat yuborishdi. Shuningdek, Tojikistonning “Hoʼjand” (Hoʼjand), “Regar-TadAZ” (Tursunzoda), “Koʼktosh” (Rudaki) hamda “Istaravshan” (Istaravshan) jamoalari ham Oʼzbekiston Liga Kubogida ishtirok etish niyatida ekanini tasdiqladi.

Qayd etish joiz, qoʼshni respublika jamoalarining Liga kubogi bahslariga qoʼshilishi muxlislar sogʼingan derbilarni qaytarishi mumkin. Zero qoʼshni mamlakatlar yetakchi jamoalarining oʼzaro toʼqnashuvlari ham oʼzbekistonlik, ham qirgʼizistonlik, qolaversa tojikistonlik muxlislarning katta qiziqishga sabab boʼlishi tayin. Shuningdek, xalqaro musobaqalardan chetda qolayotgan klublar uchun ham bunday uchrashuvlar katta tajriba maktabi boʼlishi mumkin.

Liga kubogi ishtirokchi mamlakatlar hakamlari, komissarlari, inspektorlari uchun ham muhim. Ular xalqaro oʼyinlar orqali OFK musobaqalari uchun dastlabki tayyorgarlik bosqichidan oʼtish imkoniga ega boʼladi. Bunda til muammosi deyarli koʼzga tashlanmaydi.

Alohida urgʼu berish lozimki, mazkur musobaqada kelasi mavsumlarda Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlari jamoalari ham ishtirok etishlari kutilmoqda. Bu bilan biz Oʼrta Osiyo jamoalarini birlashtirib turuvchi klublar musobaqasiga ega boʼlamiz, CAFA mamlakatlari oʼrtasidagi munosabatlar yanada iliqlashadi.