O’zbekiston milliy terma jamoasi iyun oyida bo’lib o’tadigan muhim uchrashuvlar oldidan Toshkentda tashkil etilgan o’quv-mashg’ulot yig’inini yakunladi.

Milliy jamoamiz ertaga tongda HY-333 havo reysi orqali soat 8.25 da Birlashgan Arab Amirliklariga yo’l oladi. Qisqa muddatli tayyorgarlik rejasiga ko’ra, vakillarimiz Dubay shahrida o’rtoqlik uchrashuvi o’tkazadi.

Avstraliya terma jamoasi tarkibidagi bir necha futbolchi jarohat olganligi sababli, Avstraliya tomoni 29-may kungi O’zbekiston MTJga qarshi bahsda maydonga tusha olmasligini ma’lum qildi. Shu sababli, Milliy jamoamiz 30-may sanasida Tailand vakillariga qarshi to’p suradi va 1-iyun kuni Saudiya Arabistoniga jo’nab ketadi.

Bosh murabbiy Vadim Abramov Saudiya Arabistonida o’tadigan JCH-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo’shma saralash bosqichidagi hal qiluvchi uchrashuvlar uchun 28 nafar futbolchini jalb etdi.