Free ebooks Library zlibrary project

Bugun Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh kotibining oʻrinbosari, futbol federatsiyalari va hududiy assotsiatsiyalar bilan ishlash departamenti direktori Vohid Kardani boshchiligidagi OFK vakillari Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida mehmon boʻlib, OʻFA rahbariyati bilan uchrashishdi. Uchrashuvda OFK hamda OʻFA oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Dastlab Oʻzbekiston futbolida amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzgarishlar, qoʻlga kiritilayotgan sezilarli yutuqlar haqida soʻz yuritildi. OʻFA hamda OFK oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik munosabatlari ishonch va hurmat asosida qurilgan ekanligini alohida taʼkidlandi.

OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov Osiyo futbol konfederatsiyasi bilan yaqin hamkorlikda keng koʻlamli hamkorlik dasturlari va loyihalarini amalga oshirilishdan har doim mamnun ekanligini aytdi:

“OFK bilan hamkorligimiz yangi bosqichga chiqayotganidan xursandmiz. Oʻzbekistonda futbol rivojiga katta eʼtibor qaratiladi va muxlislar uchun ham futbol birinchi raqamli sport turi hisoblanadi. Yurtimiz jamoatchiligi Osiyoning bir nechta muhim turnirlari mezbonligini katta xursandchilik bilan qabul qildi. Bu tajriba kelajakda qitʼa miqyosidagi har qanday musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etishimizda biz uchun katta imkoniyat taqdim etadi. Bu borada musobaqalar geografiyasini oshirib bormoqdamiz. Hududlardagi infratuzilma esa xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilyapti. Ishonamizki, keyingi yilning mart oyida boʻlib oʻtadigan U-20 Osiyo kubogini ham koʻtarinki ruh va yuqori saviyada oʻtkazamiz”, dedi Irmatov.

Oʻz navbatida Vohid Kardani yurtimizda futbolni rivojlantirish, infratuzilmasini yaxshilash, terma jamoalar uchun zarur sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, Oʻzbekiston Osiyoda OFKning eng ishonchli hamkorlaridan ekanini eʼtirof etdi.

Bundan tashqari, suhbat davomida ommaviy futbol, ayollar futboli va OFKning taʼlim yoʻnalishiga oid loyihalari yuzasidan fikr almashildi. Dasturlarga oʻzbekistonlik mutaxassislarni jalb qilish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida futbolni yanada rivojlantirish masalasida maʼlumot almashildi.

OFK vakillari oʻzbekistonlik futbolchilarning xalqaro maydondagi ishtiroklarini yuqori baholab, futzal boʻyicha bronza medalini qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi va Jahon chempionati sovrindori Oʻzbekiston amputantlar terma jamoasining natijasini eʼtirof etdi hamda jamoalarimizga keyingi turnirlarda ham omad tiladi.

Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda oʻtdi va tomonlar hamkorlikni keng qamrovda davom ettirishga kelishib olishdi. OFK vakillarining ikki kunlik tashrifi davom etmoqda.