Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan ishlar, joriy yil oʻtkaziladigan U-23 Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa boshchiligidagi OFK delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Bugun poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov va OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda OFK hamda OʻFA oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov, avvalo, Shayx Salom bin Ibrohim al Xalifa rahbarligidagi Osiyo futbol konfederatsiyasining faoliyatini eʼtirof etib, keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashganini taʼkidladi. Xususan, OFK prezidentining 3 yil avval qilgan tashrifi chogʻida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvidan soʻng mamlakatimizda futbolni rivojlantirish yoʻlida ulkan qadamlar tashlanganini qayd etdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining futbolni rivojlantirishga qaratilgan Farmoni asosda futbol infratuzilmasi yanada yaxshilanib borayotganini martabali mehmon ham alohida qayd etdi. OʻFA qoshida Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazida 7 yoʻnalish boʻyicha muntazam oʻquv jarayoni yoʻlga qoʻyilgani, milliy va ayollar terma jamoasi hamda bolalar futboliga malakali xorijlik mutaxassislar jalb qilingani, shaffoflik va halollikni taʼminlash maqsadida VAR tizimini ishga tushirilgani taʼkidlandi.

“OFK bilan hamkorligimiz yangi bosqichga chiqayotganidan mamnunmiz. Yurtimiz Osiyoning bir nechta muhim turnirlarga mezbonlik qildi. Kelajakda ham qitʼa miqyosidagi har qanday musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etishda bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Shuningdek biz nafaqat professional, balki ommaviy futbolni rivojlantirish maqsadida mamlakatimizning har bir mahallasini jalb etgan holda Respublika musobaqalarini tashkil etdik. Ishonamizki, ommaviy futbol odamlarni birlashtiradi va yangidan-yangi iqtidorli yoshlarni kashf qilishga xizmat qiladi. Bu ishlar kelajakda albatta oʻz mevasini berishiga ishonamiz”, — dedi OʻFA prezidenti.

Oʻz navbatida Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa ushbu ishlarni yuqori baholab, futbolning eng quyi qismiga eʼtibor berish — kelajak poydevorini mustahkamlash deya eʼtirof etdi.

“Oʻzbekistonni mintaqada salohiyati va imkoniyatlari yuqori boʻlgan ishonchli hamkor sifatida bilamiz. Ayniqsa sizning boshchiligingizda pandemiya bilan bogʻliq ogʻir vaziyatlarda ham futbol toʻxtab qolmagani, oʻsishda davom etganidan mamnunmiz. Yurtingiz Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi, ayollar oʻrtasidagi Osiyo kubogi saralashi va U-23 Osiyo kubogi saralashiga mezbonlik qilib, oʻzining keng imkoniyat va salohiyatini namoyon eta oldi. Qolaversa, iyun oyida U-23 Osiyo kubogi final oʻyinlarining Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatingizga keyingi yirik turnirlarga mezbonlik qilish uchun tayyorgarlik vazifasini oʻtab beradi. Davlat rahbarining qoʻllab-quvvatlashi natijasida yurtingizda futbol oʻsib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz”, — dedi OFK rahbari.

Uchrashuv davomida OFK ijroiya qoʻmitasi tarkibiga oʻzbekistonlik mutaxassislar nomzodini ilgari surish, shuningdek, kelajakda Osiyo futbol konfederatsiyasining kongresslarini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifi ilgari surildi. OFK Prezidenti Toshkent viloyatida qad rostlayotgan “Doʻstlik” majmuasining loyihasiga yuqori baho berib, uning Osiyodagi eng yaxshi futbol bazalaridan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda oʻtdi va tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni keng qamrovda davom ettirishga kelishib olishdi.