Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda soʻnggi turlar doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar koʻrib chiqildi.

AGMK — “Qoʻqon-1912”

Superliga 5-turi doirasidagi AGMK — “Qoʻqon-1912” uchrashuvida “Qoʻqon-1912” jamoasi futbolchisi Dilshod Rahmatullayev uchrashuvning 30-daqiqasida raqib oʻyinchisiga nisbatan oʻyin qoidasini jiddiy tarzda buzgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Dilshod Rahmatullayevga nisbatan 3 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

“NEFTCHI” — “BUNYODKOR”

Superliga 5-turi doirasidagi “Neftchi”— “Bunyodkor” uchrashuvida mezbonlar futbolchisi futbolchisi Husniddin Gʻofurov oʻyinning 90-daqiqasida bosh hakam shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Husniddin Gʻofurovga nisbatan 3 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

“PAXTAKOR” — AGMK

Superliga 6-turi doirasidagi “Paxtakor”— AGMK uchrashuvida mezbonlar futbolchisi Sherzod Aʼzamov uchrashuvning 79-daqiqasida oʻyin qoidasini buzgandan soʻng bosh hakamning qaroridan oʻz noroziligini qoʻpol tarzda bildirgani va uning shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Sherzod Aʼzamovga nisbatan 3 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

“LOKOMOTIV” — “SURXON”

Superliga 6-turi doirasidagi “Lokomotiv”— “Surxon”
uchrashuvining 90+6-daqiqasida mezbonlar futbolchisi Kaxi Maxaradze oʻyin qoidasini buzgandan soʻng “Surxon” jamoasi murabbiyi Julen Esnaola Erro texnik zonani tark etib, “Lokomotiv” jamoasi futbolchisi Kaxi Maxaradze shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan. Shuningdek, Kaxi Maxaradze ham bunga javoban oʻz noroziligini qoʻpol tarzda bildirgani va Julen Esnaola Erro shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Julen Esnaola Erro (“Surxon”) va Kaxi Maxaradze (“Lokomotiv”)ning har ikkisiga nisbatan nisbatan 2 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Mazkur klublar tomonidan 2022-yilgi mavsumda Oʻzbekiston professional futbol ligasi tomonidan oʻtkaziladigan musobaqalar Reglamentining 16.2,16.3,16.4-bandlariga rioya qilinmagani aniqlandi.

Shuningdek, yuqoridagilardan kelib chiqib taqdim etilgan video yozuvni inobatga olgan holda “Lokomotiv” va “Surxon” futbol klublariga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

“QIZILQUM” — “NAVBAHOR”

Tartib-intizom qoʻmitasi Superliga 6-turi doirasidagi “Qizilqum”— “Navbahor” uchrashuvidagi bir qator vaziyatlarni koʻrib chiqdi. Xususan, uchrashuvning 31-daqiqasida “Qizilqum” futbolchisi Timur Nabiyev oʻyin qoidasini buzgandan soʻng maydondan chetlashtirilgandan vaqtda tribuna osti yoʻlakchasida toʻp uchun moʻljallangan tumbani tajovuzkor koʻrinishda tepib sindirgan.

Uchrashuvning ikkinchi boʻlimga qoʻshilgan 6 daqiqa ichida “Navbahor” zaxira oʻyinchilari va murabbiylar shtabi provokatsion harakatlarni boshlashdi. Jumladan Samvel Babayan koʻp marotaba texnik zonani tark etib, hakamlar va raqib futbolchilariga bosim oʻtkazdi.

90+6 daqiqada esa “Navbahor” futbolchisi Ehsoni Panshanbening oʻyinni choʻzishga urini natijasida “Qizilqum” futbolchisi Temurxoʻja Abduxoliqov ogʻzaki janjalni boshladi. Shundan soʻng maydondagi futbolchilar oʻrtasida tartibsizlik yuzaga kelgan. Ushbu mojaroga “Navbahor”ning zaxira oʻyinchilari va murabbiylar shtabi aralashganidan soʻng “Qizilqum” jamoasining zaxira oʻyinchilari va murabbiylar shtabi ham janjalga aralashishdi.

Bundan tashqari, final hushtagi yangraganidan soʻng “Navbahor” jamoasi gʻalabani provokatsion tarzda nishonlay boshladi, bu esa “Qizilqum” futbolchisi Islom Toʻxtaxoʻjayev va “Navbahor” futbolchisi Ehsoni Panshanbe ishtirokida navbatdagi tartibsizlikka sabab boʻldi. “Navbahor” jamoasi vakillari futbolchilarni tinchlantirish oʻrniga, raqibni soʻkishda davom etishdi. Xususan, “Navbahor” ustozlari tomonidan “Qizilqum”ning xorijlik futbolchilariga nisbatan haqoratli soʻzlar ishlatildi. Bu esa “Qizilqum” futbolchilarining tajovuzkorligini yanada kuchaytirdi.

Qoʻmita yuqoridagi barcha vaziyatlarni oʻrganib chiqdi va quyidagicha qaror chiqardi:

Futbolchilar — Timur Nabiyev, Islom Toʻxtaxoʻjayev (“Qizilqum”) va Ehsoni Panshanbe (“Navbahor”)ga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayanga nisbatan ham jarima intizom chorasi qoʻllanildi. Agarda kelgusida bu kabi holatlar takrorlasa, unga nisbatan jiddiy intizom choralari qoʻllanishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, mazkur klublar tomonidan 2022-yilgi mavsumda Oʻzbekiston professional futbol ligasi tomonidan oʻtkaziladigan musobaqalar Reglamentining 16.2,16.3,16.4-bandlariga rioya qilinmagani aniqlandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, taqdim etilgan video yozuvni inobatga olgan holda “Qizilqum” va “Navbahor” futbol klublariga jarima intizom chorasi qoʻllanildi.

“YUNIRED” — “SHAHRIXONCHI”

Birinchi liga 3-turi doirasidagi “Yunired”— “Shahrixonchi” uchrashuvida mehmonlar murabbiyi Tursunboy Husanov uchrashuvning 45-daqiqasida zaxira va bosh hakam shaʼniga haqoratli soʻzlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan.

Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Tursunboy Husanovga nisbatan 3 ta oʻyinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qoʻllanildi.