Free ebooks Library zlibrary project

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi va Oʼzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi hududlardagi bolalar-oʼsmirlar sport maktablarining futbol boʼlimlari, futbol mahorat maktablari, ixtisoslashtirilgan futbol maktablarida mavjud shart-sharoitlarni yaqindan oʼrganish, ularning infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash borasida ish olib bormoqda.

Shu maqsadda Respublikamizning barcha viloyatlarida bu boradagi mavjud vaziyatni toʼliq oʼrganib chiqish uchun OʼFА va sport vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi. Mutaxassislar bu gal Qoraqalpogʼiston Respublikasida bolalar va oʼsmirlar futbolidagi shart-sharoit, kamchiliklar bilan tanishib chiqishdi.

Ishchi guruh Nukus shahri, shuningdek, Taxtakoʼpir, Qoraoʼzak, Chimboy, Boʼzatov, Kegeyli, Qonlikoʼl, Qoʼngʼirot, Moʼynoq, Shoʼmanoy, Аmudaryo, Hoʼjayli, Taxiatosh hamda Ellikqalʼa tumanlarida joylashgan bolalar-oʼsmirlar sport maktablari futbol boʼlimlarining ish-faoliyati, Futbol mahorat maktabining hamda mavjud futbol toʼgaraklarining zarur inventarlar bilan taʼminlanganligi, murabbiylarning zamonaviy metodlar asosida mashgʼulotlar olib borayotgani, mashgʼulot va oʼyin maydonlari holati oʼrganildi.

Shuningdek, Qoraqalpogʼiston Respublikasi futbol assotsiatsiyasining bugungi kundagi ish jarayoni, assotsiatsiyaning yangi mavsumda amalga oshirilishi moʼljallangan rejalari bilan yaqindan tanishildi, uning ish faoliyati samaradorligini taʼminlash, hududda futbolni yanada ommalashtirishda Qoraqalpogʼiston Respublikasi futbol assotsiatsiyasi ish salmogʼini oshirish masalalari muhokama qilindi.