Free ebooks Library zlibrary project

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi va O’zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan hududlardagi bolalar-oʼsmirlar sport maktablarining futbol boʼlimlari, futbol mahorat maktablari, ixtisoslashtirilgan futbol maktablarida mavjud shart-sharoitlarni yaqindan oʼrganish, ularning infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash borasida ish olib bormoqda.

Respublikamizning barcha viloyatlarida bu boradagi mavjud vaziyatni toʼliq oʼrganib chiqish maqsadida OʼFА va sport vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi. Mutaxassislar dastlab Toshkent viloyatida boʼlib, bolalar va oʼsmirlar futbolidagi shart-sharoit, kamchiliklar bilan tanishib chiqishdi.

Dastlab OʼFА ishchi guruh Аngren, Ohangaron hamda Olmaliq shaharlarida boʼldi. Shuningdek, Oʼrta Chirchiq, Bekobod, Oqqoʼrgʼon, Nurafshon, Piskentga ham tashrif buyurilib, bolalar-oʼsmirlar sport maktablari futbol boʼlimlarining ish-faoliyati, futbol toʼgaraklarining zarur inventarlar bilan taʼminlanganligi, murabbiylarning zamonaviy metodlar asosida mashgʼulotlar olib borayotgani oʼrganildi.

Yangiyoʼl tumanida joylashgan viloyatning asosiy futbol maskani boʼlmish Futbol mahorati maktabi faoliyati atroflicha oʼrganib chiqildi.

Maʼlumki, viloyat futbol assotsiatsiyalari joylarda mazkur sport turining rivojlanishiga bevosita masʼul sanaladi. Shu boisdan ishchi guruh Toshkent viloyati futbol assotsiatsiyasining bugungi kundagi ish jarayoni, 2020-yilda amalga oshirilishi moʼljallangan rejalari bilan yaqindan tanishdi.

Toshkent viloyatida oʼzbek futbolida oʼz mavqeyiga ega 2 ta professional futbol klub faoliyat olib boradi. Аyni vaqtda АGMK va “Metallurg” klublari yangi mavsumga tayyorgarlik olib borishmoqda. Ushbu klublarning stadionlari yangi mavsumga qay darajada tayyor ekani ham koʼzdan kechirildi. Shuningdek, stadionlarda VAR tizimini joriy etish boʼyicha olib borilayotgan ishlarga baho berilib, zarur tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari Bekobodda bolalar futbolini rivojlantirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar doirasida “Metallurg” klubining akademiyasi uchun barpo etilgan yangi yotoqxona, ovqatlanish majmuasi hamda maydon koʼzdan kechirildi.