Free ebooks Library zlibrary project

23-yanvar kuni OʻFAda Xitoy futbol assotsiatsiyasi vakillari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv avvalida OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ikki mamlakat oʻrtasida futbolni rivojlantirish borasidagi harakatlar yangi bosqichga chiqishiga umid bildirdi. Xitoy koʻp jabhada dunyoda oʻz oʻrniga ega ekanligi, xususan, mamlakat futboli ham katta natijalarga erishayotganini qayd etdi.

Oʻz navbatida xitoylik mutaxassislar Oʻzbekiston va Xitoy o’rtasida futbolning barcha yo‘nalishida samarali hamkorlik istiqbollariga to‘xtalishdi. O’zbekistonning Osiyo futbolidagi mavqeini e‘tirof etishdi. Tomonlar oʻzaro tajriba almashish masalalarini atroflicha koʻrib chiqdilar. Xususan, turli terma jamoalar oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvlarini tashkillashtirish, xalqaro musobaqalarga Oʻzbekiston terma jamoalarini jalb etish, Milliy, Olimpiya va ayollar terma jamoalari oʻrtasida turnirlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar bildirildi.

Futbol infratuzilmasi, akademiyalar faoliyati va terma jamoalar bazasini tashkil etishda Xitoy tajribasini oʻrganish, hakamlar uchun tajriba almashish dasturlarini joriy etish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Ma’lumki, Xitoyda dunyoning futboli eng rivojlangan mamlakatlaridan mutaxassislar faoliyat olib borishmoqda. Bu borada yurtimiz vakillari ham oʻzaro tajriba almashish dasturlarida ishtirok etib, o‘z malakasini oshirish istiqboli yuzasidan fikr almashildi.

Xanchjouda boʻlib oʻtadigan Osiyo oʻyinlari oldidan ikki mamlakat Olimpiya terma jamoalari oʻrtasida oʻrtoqlik oʻyinini oʻtkazish rejaga kiritildi. Har ikki tomon ham uzoq muddatli samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.