Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi kechagi uchrashuvga qadar Osiyo kubogi doirasida Eronga qarshi 12 bor toʻqnash kelgan va ularning barchasida magʻlub boʻlgan edi.
Guruh bosqichi – 3 marta
Chorak final – 2 marta
Yarim final – 4 marta
Final – 3 marta
Eng yirik mag‘lubiyat:
Osiyo kubogi–2001. Final
Eron 9:0 O‘zbekiston
Osiyo kubogi–2014. Yarim final
Eron 10:0 O‘zbekiston
2024-yilgi Osiyo kubogi yarim finali doirasidagi bahs jamoalar uchun turnir tarixidagi oʻzaro 13-uchrashuv hisoblanadi. Vakillarimiz rasmiy oʻyinlarda ilk bor Eron terma jamoasi bilan durang qayd etdi. Xose Venansio Lopes boshqaruvidagi futzalchilarimiz nafaqat hisobda, balki vaziyatlar yaratish boʻyicha ham raqibga qarshi tengma-teng bahs olib bordi.
Ushbu bahsda jamoamiz darvozaboni Abbos Elmurodovning ishonchli oʻyinini ham e’tirof etish zarur. Elmurodov uchrashuv davomida 10 dan ortiq seyvlarni amalga oshirdi, ekstra-taymlarda dabl-penaltini bartaraf etdi va penaltilar seriyasida bitta zarbani qaytardi.
Shuningdek, Abror Ahmetzyanov ham alohida ajralib turdi. U birinchi taym oxirida Husniddin Nishonovning uzatmasidan soʻng jamoamizni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi boʻlimda raqibning yon chiziqdan yoʻllagan zarbasi aynan Abrorga tegib, yoʻnalishini oʻzgartirdi va darvozamizdan joy oldi. Biroq 20 yoshli Ahmetzyanov 38-daqiqada hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻldi.
Penaltilar seriyasida soʻnggi zarbani yoʻllagan Fazliddin Botirov ham endigini 20 yoshda va kelajakda terma jamoaning yetakchi futzalchilaridan biri boʻlib yetishadi. Eng muhimi, Eronga qarshi magʻlubiyatli seriyaga nuqta qoʻyildi. Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi rivojlanishda davom etadi.