Free ebooks Library zlibrary project

Xabaringiz bor, ertaga yurtimiz maydonlarida 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida Osiyo kubogi bahslari start oladi. Mezbon Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi esa guruh bosqichida Turkmaniston, Qatar va Eron vakillariga qarshi bahs olib boradi.

Bugun OʻFA Prezidenti Abdusalom Azizov Turkmaniston bilan boʻlib oʻtadigan ilk oʻyin oldidan Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi aʼzolari bilan uchrashdi. Dastlab, futbolimiz rahbari yoshlar jamoamiz oldida turgan ushbu musobaqaning masʼuliyati haqida fikr bildirdi.

Eng avvalo, terma jamoada oʻynash har bir futbolchi uchun faxr ekanligi, jamoa birdam boʻlib, Vatan sharafi uchun kurashishi va yurt obroʻsini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qilishi kerakligini taʼkidladi. Shuningdek, jamoaning oldida turgan asosiy maqsadlardan biri — Parij Olimpiadasiga puxta va tizimli tayyorgarlik koʻrish, har bir futbolchi professionalizm, intilish va mehnatsevarlikni oʻzida mujassam qilib borishi kerakligi aytildi. Ijobiy natijaga erishish uchun OʻFA tomonidan barcha zarur sharoitlar taqdim etilishi maʼlum qilindi.

Oʻz oʻrnida jamoamizning bir qator yetakchi futbolchilari ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtishdi. Shundan keyin Abdusalom Azizov murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi. Tibbiy shtab tomonidan futbolchilarning sogʻligi, tiklanishi va vitaminizatsiyalash jarayoni borasida maʼlumotlar eshittirildi. OʻFA Prezidenti futbolchilarga eng zamonaviy, yuqori darajadagi tibbiy yordam koʻrsatish amaliyotini davom ettirishga koʻrsatma berdi.

Uchrashuv yakunida Abdusalom Abdumavlonovich masʼuliyatli turnir oldidan jamoamizga yana bir bor omad tiladi.