Bugun Syurix shahrida FIFAning 71-kongressi bo’lib o’tdi. Videoanjuman shaklida o’tkazilgan kongressda O’FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda bosh kotib Avaz Maksumov ishtirok etdi.
FIFA prezidenti Janni Infantino kongressni kirish nutqi bilan ochib berdi. Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan qiyin vaziyatda ham mahalliy va xalqaro futbol uchrashuvlarini tashkil etishga harakat qilganligi uchun FIFA rahbari barcha a’zo assotsiatsialarga minnatdorchilik bildirdi.
Kongress davomida Xalqaro Olimpiya qo’mitasi raisi Tomas Bax ham nutq so’zladi. U pandemiya davrida sport turlari orasida birinchilardan bo’lib yana avvalgi mavqeyini tiklab olgan, xalqaro musobaqalarni o’tkazishda namuna bo’lganligi uchun FIFAga tashakkur bildirib o’tdi.
Kun tartibiga ko’ra FIFA tomonidan 2020-yilgi mavsumda amalga oshirilgan ishlar va ularning moliyaviy yillik hisobotlari tinglandi va delegatlar tomonidan FIFAning 2022-yilgi byudjeti tasdiqlandi.
Shuningdek, FIFA nizomiga o’zgartirish kiritish, ushbu nizomni qo’llashni tartibga soluvchi qonun-qoidalar va Kongressning doimiy buyruqlariga o’zgartirish kiritish bo’yicha takliflar bo’yicha ovoz berish jarayoni o’tkazildi.
Bundan tashqari Yamayka, Saudiya Arabistoni va Liberiya futbol federatsiyalari tomonidan yoshlar va ayollar futbolini dunyo bo’ylab keng miqyosda rivojlantirish bo’yicha yuborilgan takliflar muhokama etildi.