Free ebooks Library zlibrary project

Joriy yilning avgust oyida davlatimiz rahbari Bekobod shahrida joylashgan “Metallurg” klubi qoshidagi “El Golazo” futbol akademiyasiga tashrif buyurgan edi. Prezidentimiz akademiyada yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirgach, mutasaddilarga bu futbol maktabi tajribasini ommalashtirish boʻyicha koʻrsatma bergan.

Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan futbol mahorati maktablari, hududiy futbol assotsiatsiyalar, futbol klublari, akademiyalar direktorlari va murabbiylardan tashkil topgan guruh mazkur futbol maktabi bilan tanishish va uning tajribasini joylarda tatbiq etish maqsadida “El Golazo” futbol akademiyasida boʻlishdi.

Maʼlumki, ushbu maktab Ispaniyaning taniqli “Real Madrid” klubi jamgʻarmasi koʻmagida tashkil etilgan boʻlib, oʻtgan yilning oktyabr oyida faoliyat boshlagan. Ushbu akademiyaning oʻquv-mashgʻulotlari “Real Madrid” futbol klubi anʼanalariga mos ravishda olib boriladi. Murabbiylarning bir nechtasi ispaniyalik hisoblanadi.

Bugungi tashrif davomida mehmonlar mazkur hududda joylashgan maydonlar, fitnes zallari, oʻquv binolari hamda yotoqxonalarda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Oʻquv-mashgʻulotlari va taʼlim jarayonlarida ishtirok etib, mutaxassis hamda murabbiylar bilan suhbatlashdilar. Tashrif yakunida mutasaddilarga mazkur maktab tajribasini ommalashtirish yuzasidan kerakli maslahatlar berib oʻtildi.