Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Respublikadagi futbol mahorat maktablari direktorlari uchun bolalar-oʻsmirlar futboli yoʻnalishi boʻyicha tajriba almashish va yangi loyihalarni mamlakatimizda tatbiq qilish maqsadida Turkiyada “master-klass” tadbirlari tashkil qilinmoqda.

Dastlab delegatsiya vakillari Turkiyada oʻz nufuziga ega “Oltinoʻrda” bazasidagi futbol infratuzilmasi bilan tanishdilar. Keyingi kun davomida delegatsiya vakillari Turkiyadagi ommaviy futboli tizimini oʻrgandilar.

Bu borada “Oltinoʻrda” akademiyasining masʼullari delegatsiya vakillariga ushbu yoʻnalish haqida toʻliq axborot berib oʻtdilar. Qayd etilishicha, jamoaning Turkiya boʻylab 250 ga yaqin filiallari mavjud boʻlib, bu yerga bolalar 6 yoshdan qabul qilinadi. Filiallar 12 yoshgacha bolalarni oʻzlari shugʻullantirib, keyin bosh akademiyaga yuboradilar. Har yili 2000 nafarga yaqin boladan eng yaxshi 20 nafar futbolchi bosh akademiyaga oʻtadi.

Tashrif davomida Turkiyadagi ommaviy futbol tizimi boʻyicha seminar tashkil qilindi. Unda taʼkidlanishicha, “Galatasaroy”, “Fenerbaxche” va “Beshiktosh” kabi akademiyalarda 1000 ga yaqin boʻlimlar faoliyat olib boradi va ularning har birida oʻrtacha 100 nafardan bola tarbiya topadi.

Oʻzbekistonlik mutaxassislar oʻrganishlar asnosida “Galatasaroy U-19” va “Anqaraspor U-19” jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvni kuzatib bordilar.

Shundan keyin delegatsiya vakillari “Galatasaroy” futbol klubi va akademiyasining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Vakillarimizga Turkiya akademiyasi direktori Orxan Atik hamrohlik qilib, oʻz jamoasidagi mavjud sharoitlar haqida maʼlumot berib bordi. Tashrif davomida akademiya infratuzilmasi, mashgʻulotlari, seleksiya tizimi va futbolchilarning yashash sharoitlari yaqindan oʻrganildi.

“Galatasaray” akademiyasi Istanbulda eng katta hududga ega maktab ekanligi, u asosiy jamoa bilan bir hududda joylashgani haqida maʼlumot berildi.

Shundan keyin delegatsiya Bashakshehir tumanidagi ommaviy futbol bilan tanishdilar. Ertaga mutaxassislarimiz Istanbul ligasi borasidagi seminarda ishtirok etishlari rejalashtirilgan.