Free ebooks Library zlibrary project

Bugun OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov raisligida hududlarda futbolni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, oʻtkazilgan musobaqalar va mavjud kamchiliklar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda OʻFA rahbariyati, futbol akademiyalari mutasaddilari, texnik direktorlari va bolalar-oʻsmirlar futboli boʻyicha masʼul mutaxassislar ishtirok etdi.

Kun tartibiga koʻra, dastlab “Professional futbol maktablari” Oʻzbekiston chempionati uchrashuvlari tahliliy maʼlumotlar asosida muhokama qilindi. Musobaqa davomida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar qattiq tanqid ostiga olindi va mutasaddilarga ogohlantirish berildi. Bu masalaga jiddiyroq yondashish kerakligi, bolalar futboliga har qachongidan koʻproq masʼuliyat bilan qarash shartligi aytildi.

Joylardagi futbol akademiyalari faoliyati, xususan turli yosh toifasidagi Oʻzbekiston terma jamoalari va klublar uchun futbolchilarni tayyorlab berish koʻrsatkichlari tahlil qilindi. Akademiya rahbarlariga murabbiy va seleksionerlar faoliyatini monitoring qilish, mashgʻulotlarini nazorat ostiga olish, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish, oʻtgan musobaqalarni tahlil qilish, oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarda yoʻl qoʻyilayotgan xatolarni qayta koʻrib chiqish boʻyicha topshiriq berildi.

Bundan tashqari, terma jamoalarga futbolchi yetkazib berish, maktablardagi mavjud shart-sharoitlar, musobaqalardagi ishtirok va futbolchilarning tartib-intizomi kabi mezonlar asosida akademiyalarning faoliyatini KPI-tahlil orqali baholash boʻyicha vazifa belgilandi.

Shuningdek, yigʻilishda yosh futbolchilar maqomi va ularning klublarga koʻchib oʻtishini tartibga soluvchi yagona turdagi shartnomani huquqiy jihatdan oʻrganish va qayta ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berildi.

Hududlardagi mutasaddilar va yigʻilish ishtirokchilari yechimini kutib turgan bir qator masalalar hamda ayrim vazifalar yuzasidan oʻz takliflarini bildirib oʻtdilar. Uchrashuvda barcha yoʻnalishlar boʻyicha masʼullar belgilanib, ularga tegishli topshiriqlar berildi, ijro nazorati esa doimiy olib borilishi maʼlum qilindi.