UEFA Assist tomonidan tashkil etilgan dasturning dastlabki kunidagi darslar yakunlandi. Toshkentda oʻtkazilgan birinchi seminarlarda OʻFA va OʻzPFL rahbariyati, ayollar qoʻmitasi vakilalari, bolalar-oʻsmirlar va ommaviy futbol hamda hududlarda futbolni rivojlantirish, shuningdek, media boʻyicha masʼul mutasaddilar ishtirok etdi.
Ilk seminar mashgʻulotlari ayollar futbolini toʻgʻri tashkil etish, uning boshqaruvini tizimli yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ushbu yoʻnalishni bosqichma-bosqich yangi darajaga koʻtarish kabi dolzarb muhokamalar bilan boshlandi. Seminar avvalida OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov soʻz olib, UEFA Assistʼning dasturlari haqida toʻxtalib oʻtdi:
“Ayollar futbolini rivojlantirishga katta maqsad va vazifalar bilan qadam tashlaganmiz. Xususan, UEFA Assistʼning bu kabi muhim dasturlarini ikki yil avval ishga tushirishni boshlagan edik. 2021-yilda esa Oʻzbekiston futboli tarixida ilk marta ayollar futbolini rivojlantirish maqsadida qoʻmita tashkil etdik. Bundan tashqari, ayollar milliy terma jamoasiga yaponiyalik mutaxassislarni jalb etish orqali oʻz oldimizga yangi rejalar qoʻydik. Barcha yoshdagi qizlarimizni futbol atrofida birlashtirish maqsadida U-15, U-17 va U-20 ayollar terma jamoalari tashkil etildi. Eng muhimi, ilgarilari erkaklar jamoasidan ortsagina ayol futbolchilarga mablagʻ ajratilgan boʻlsa, joriy yildan boshlab OʻzPFL bilan birgalikda yangi reglament loyihasini ishlab chiqdik. Unga koʻra, klublar smetasiga ayollar jamoasini rivojlantirishga mablagʻ ajratilishi majburiy etib belgilandi. Umuman olganda, toʻgʻri yoʻnalish, professional va ilmiy yondashuv orqali ayollar futbolini yuqori darajaga olib chiqishni oʻz oldimizga vazifa sifatida qoʻydik”, dedi Ravshan Ermatov.
Oʻz oʻrnida ayollar futboliga ham erkaklar futboli kabi yuqori darajada munosabat va eʼtibor bilan yondashish bosh maqsad qilib olinganligi qayd etildi.
Seminarda qizlarni aynan bolalik paytlaridayoq, yaʼni 5-11 yoshida futbolga jalb qilish kerakligi aytildi. Bu borada mavjud kamchiliklar ustida ishlash, xususan, moddiy va ijtimoiy toʻsiqlarni bartaraf etish, sportda ayollarning faol ishtirokini taʼminlash orqali jamiyatda ularning oʻrnini yanada mustahkamlash borasida oʻzaro fikr almashildi.
Seminar davomida OʻFAning ayollar futbolini rivojlantirishning 2022-2025-yillarga moʻljallangan strategiyasidan joy olishi mumkin boʻlgan loyihalar muhokama qilindi. Koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha kelgusida joriy etilishi va yoʻlga qoʻyilishi kerak boʻlgan tashabbuslar koʻrib chiqildi. Barcha jarayonlarni nazorat qilish va uni baholashga doir maxsus tizimni joriy etish masalasi ham amaliy tarzda oʻrganildi. Bundan tashqari, mamlakatimizdagi ayollar futbolining holatini baholash yuzasidan “SWOT” tahlili oʻtkazilib, sohaning ayni kundagi yutuq va kamchiliklari hamda oldinga qoʻyilgan maqsadlari va bu yoʻldagi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan “risk”lar koʻrib chiqildi.
Ayollar futbolining nufuzini oshirish, uning imijini yaratish va keng targʻib etishda doimiy ravishda OAV bilan hamkorlik qilish, ijtimoiy tarmoqlar orqali aholini boxabar qilib borish yuzasidan bir qator “keys”lar koʻrib chiqildi.
Eslatib oʻtamiz, “Futbol ayollar uchun” dasturi doirasidagi seminarlar 7-mayga qadar davom etadi. Keyingi kunlarda sohaning marketing va tijoriy tomonlari, shuningdek, texnik va murabbiylik taʼlimiga oid yoʻnalishlariga ham toʻxtalib oʻtiladi.