O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, yosh avlodda sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan e’tiborni oshirish maqsadida joriy yilning 21-25-may kunlari “Toshkent: besh tashabbus harakati-2021” yoshlar forumi o‘tkazildi.
Forum doirasida mini-futbol musobaqasi ham tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport Vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamkorligida o‘tkazilgan mini-futbol musobaqasida 32 ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Musobaqa umumiy hisobda 300 nafardan ortiq yoshlarni qamrab oldi va qiziqarli kurashlarga boy tarzda kechdi.
Poytaxtimizning Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, “Hyatt Regency” mehmonxonasi hamda Yoshlar ijod saroyi oralig‘ida barpo etilgan shaharcha maydonida bo‘lib o‘tgan o‘yinlar yakuniga ko‘ra Olmazor tuman Quyosh mahallasi yoshlaridan iborat “Yuventus” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa so‘ngida g‘olib jamoa bilan o‘zbek futboli afsonalari o‘rtasida ko‘rgazmali uchrashuv ham tashkil etildi. Unda Ravshan Ermatov, Zayniddin Tojiyev, Anvar G‘ofurov, Server Jeparov, Ignatiy Nesterov, Marat Bikmayev hamda Aziz Ibragimov ishtirok etib, yosh havaskor futbolchilarga olam-olam quvonch ulashishdi.