Free ebooks Library zlibrary project

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Turkmanistonda o‘tadigan Osiyo chempionati-2020ga tayyorgarlik jarayonini davom ettirmoqda.

Ayni paytda qit’a chempionati oldidan yakuniy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edik. Terma jamoamiz ustozi Bahodir Ahmedov O‘FA rasmiy saytiga musobaqaga tayyorgarlik jarayoni xususidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Yig‘in reja asosida o‘tmoqda, barcha futzalchilar yaxshi holatda. Faqat ayrim o‘yinchilarimizda kichik mikrojarohatlar mavjud. Shu sababdan shifokorlar bilan maslahatlashgan holda ushbu o‘yinchilarga biroz tiklanish uchun imkoniyat taqdim etamiz. Ular Ozarbayjonga borishmaydi va Boku yig‘inidan keyin yana safimizga qo‘shilishadi.

 

 

Jamoamizda ichki muhit a’lo darajada. Aslida jamoamiz o‘zagini asosan yosh yigitlar tashkil qiladi. Lekin bu galgi yig‘inga yoshi kattaroq o‘yinchilarni ham jalb etdik. Zero yoshlarning katta tajribali o‘yinchilardan o‘rganadigan jihatlari bor.

Ayni paytdagi asosiy vazifamiz – yakuniy tarkibni aniqlash va o‘z o‘yinimizni imkon qadar tezroq “topib olish”dan iborat. Aytib o‘tganimdek, tarkibda yoshlar ko‘p, shu sababdan ularga o‘z o‘yin falsafamizni imkon qadar tezroq singdirishimiz lozim.

Rejalar xususida gap ketganda, musobaqa start olishiga ancha oz vaqt qolganini ayta olaman. Ushbu vaqtdan esa samarali foydalanishimiz shart. Toshkentdagi yig‘indan so‘ng Ozarbayjonga yo‘l olamiz va ushbu yurt terma jamoasi bilan 2 ta o‘yin o‘tkazamiz. So‘ngra Toshkentga qaytgach, yigitlarga 2 kunlik dam beramiz va keyin yana yig‘inga kirishamiz. Shuningdek, biz Qirg‘iziston terma jamoasi bilan ham o‘yin o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Turkmanistonga yetib borgach esa Vyetnam bilan ham o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazmoqchimiz. Shu sababdan bo‘shashishga aslo imkon yo‘q. Qit’a chempionatida yaxshi natija qayd etish uchun harakat qilishda davom etamiz, – dedi mutaxassis.