Free ebooks Library zlibrary project

Xabaringiz bor, ayni vaqtda koronavirus pandemiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida barchamizdan  uyda qolish talab qilinmoqda. Natijada, barcha mamlakatlarda futbol uchrashuvlari o`tkazilmayapti.

Xo`sh, o`zbekistonlik futbolchilar karantin davrini uyda qanday o`tkazishmoqda? Ular muxlislarga bu borada nimalarni tavsiya qilishadi?

PFL matbuot xizmati bu haqda “Buxoro” jamoasi yetakchilaridan biri – Zohir Pirimov bilan suhbatlashdi.

“Barcha qatori men ham ayni vaqtda karantinni uyda, oila davrasida o`tkazyapman. Farzandlarimga “onlayn darslar”ni bajarishida ko`maklashyapman. Muxlislarga, barcha yurtdoshlarimizga ham uyda qolib, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishlarini tavsiya qilgan bo`lar edim. Aynan shu orqali ushbu kasallikni yengib o`tishimizga ishonchim komil.

Albatta, hozirgi sharoitda barcha sportchilar qatori futbolchilarga ham jismoniy holatni yuqori darajada ushlab turish biroz qiyinchilik tug`diradi. Maydonda to`p bilan ishlashning imkoni yo`q. Shunday bo`lsada, uyda jismoniy mashqlarni bajarish orqali sport  formasini saqlashga harakat qilyapman.

O`ylashimcha, yuzaga kelgan tanaffus chempionat o`yinlariga, natijalarga u qadar ta`sir ko`rsatmaydi. Chunki, hozir barcha bir xil sharoitda va karantin tugab, chempionat start olganda ham, jamoalar bir xil sharoitda, bir xil formada yetib keladi”, – dedi Pirimov.

Aziz muxlislar, siz ham karantin qoidalariga amal qiling, uyda qoling!