Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining “Oʻzbekistonda 2025-yil yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamalari portaliga joylashtirildi. Quyida qaror loyihasi bilan toʻliq tanishishingiz mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori

Oʻzbekiston sport delegatsiyasi 2019-yilning 28-sentyabr kuni Qatarning Doha shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo Olimpiya Kengashining 73-ijroqoʻm yigʻilishida ishtirok etdi.

Oʻzbekiston sport delegatsiyasi Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayx Axmad Al-Faxad Al-Sabax hamda Osiyo Olimpiya Kengash aʼzolari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Unda Oʻzbekistonda 2025-yilda yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlari va 2030-yilda XXI yozgi Osiyo oʻyinlari oʻtkazilishi masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Ijroqoʻm kun tartibiga koʻra Toshkentda 2025-yilda yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish boʻyicha 10 daqiqalik taqdimot oʻtkazildi.

Oʻzbekistonda 2025-yilda yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish boʻyicha taqdimotdan soʻng, Oʻzbekistonda barcha sharoitlar, shu jumladan ushbu xalqaro musobaqani oʻtkazish boʻyicha zarur sport infratuzilmasini tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni inobatga olib, Osiyo Olimpiya Kengashi Toshkentda ushbu nufuzli tadbirni oʻtkazishga rozilik bildirdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda 2030-yilda XXI yozgi Osiyo oʻyinlari oʻtkazilishi boʻyicha taqdim qilingan talabnoma qabul qilindi

hamda 2020-2021-yillarda boʻlib oʻtadigan navbatdagi Osiyo Olimpiya Kengashining yigʻilishida koʻrib chiqilishi maʼlum qilindi.

Yoshlar oʻrtasidagi yozgi Osiyo oʻyinlari 43 ta xorijiy mamlakatdan, kamida 9 ta sport turidan 14-17 yoshli sportchilar oʻrtasida oʻtkaziladi.

Birinchi yoshlar oʻrtasida yozgi Osiyo oʻyinlari 2009-yilda Singapurda, 2013-yilda Nankin (Xitoy), 2017-yilda Xambantotada (Shri-Lanka), oʻtkazilgan boʻlsa, 2021-yilda Shantau (Xitoy), 2025-yilda Toshkent va Samarqand shahrida (Oʻzbekiston) oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda 2025-yilda yoshlar oʻrtasida yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish orqali mamlakatning obroʻsi, brend sifatida mamlakat toʻgʻrisidagi maʼlumotlar orqali mehmonlarning xabardorligini oshirish, mamlakat infratuzilmasini rivojlantirish, turizmni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish, nafaqat poytaxt, balki mamlakat hududlari qiyofasini yaxshilash natijasida mamlakatning ichki qiyofasiga ham oʻz ijobiy taʼsirini koʻrsatadi.

Shu bilan bir qatorda, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, jahon standartlariga toʻliq javob bera oladigan yagona sport infratuzilmasini yaratish borasida mamlakatning mavjud imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti. Xususan:

birinchidan, mustaqillikka erishilgandan soʻng shu kunga qadar xalqaro talablarga javob bera oladigan sport infratuzilmasi (shu jumladan, olimpiya shaharchasi) yaratilmagan;

ikkinchidan, yirik xalqaro kompleks musobaqa oʻtkazish uchun xalqaro talablarga toʻliq javob bera oladigan logistika, transport infratuzilmasi mavjud emasligi bois, yozgi Osiyo va Olimpiya oʻyinlari Oʻzbekistonda shu kunga qadar oʻtkazilmagan.

Oʻzbekiston Respublikasida yirik nufuzli xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilar:

Oʻzbekistonda 2025-yil yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishni tashkil etish uchun munosib infratuzilmani yaratishga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekistonda 2025-yil yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishni tashkil etish uchun munosib infratuzilmani yaratishga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda ishchi guruh deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Quyidagilar Dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

Oʻzbekistonda 2025-yil yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlarini (keyingi oʻrinlarda musobaqalar deb ataladi) oʻtkazish boʻyicha tashkiliy masalalarni amalga oshirish;

musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganish;

musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha respublikada mavjud boʻlgan sport inshootlari, logistika, transport va mehmonxona infratuzilmalarini oʻrganish hamda yangilarini barpo etish boʻyicha takliflar tayyorlash.

  1. Ishchi guruh (A.A. Abduxakimov):

musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy masalalarni tezkor va sifatli hal etsin;

Dasturda nazarda tutilgan barcha tadbirlar toʻliq amalga oshirilishi yuzasidan masʼul vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirsin;

oʻrganilgan xalqaro tajriba natijalarini tahlil qilish va musobaqalarni oʻtkazishni tashkil etishda samarali foydalansin;

mavjud infratuzilmalar quvvatini tahlil qilish asosida amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlarni belgilash, qoʻshimcha infratuzilmalarni yaratishga boʻlgan sarf-xarajatlarni, shuningdek, taqdim etilgan maʼlumotlar, takliflar va hisob-kitoblarni kompleks tahlil qilish asosida takliflar ishlab chiqsin hamda 2021-yil 10-yanvarga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan ishlab chiqilgan hududiy dasturlarda belgilangan chora-tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin.

  1. Quyidagilar:

musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy masalalar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga ajratilgan byudjet mablagʻlari, xorijiy investorlarning mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

musobaqalarni oʻtkazish uchun tanlovga buyurtma berish, badal puli, kafolat depoziti hamda Oʻzbekistonda musobaqalarni targʻibot (reklama) qilish uchun mablagʻlarni Osiyo Olimpiya Kengashiga oʻtkazib berish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2025-yilgacha har yili Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga ajratilgan byudjet va xorijiy investorlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyurtmanomalariga muvofiq sport turlari boʻyicha xalqaro federatsiyalar (uyushmalar), Osiyo federatsiyalari (uyushmalari) va Osiyo Olimpiya Kengashi vakillariga vizalarni konsullik va boshqa yigʻimlar undirmasdan, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirsin.
  2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri
A. Aripov

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

minsport.uz