Free ebooks Library zlibrary project

OʻFAda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonning futbol hakamlari uchun maxsus 2 kunlik VAR seminari tashkil etildi. Unda VAR tizimining joriy etilishi, uchrashuvlarda uning qoʻllanilishi, vaziyatlarni VAR orqali tahlil qilish va qayta koʻrib chiqish kabi bir qator mavzular boʻyicha koʻnikmalar berib oʻtildi.

Mazkur darslarda OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ham qatnashdi va oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi:

“Zamonaviy futbolda VAR tizimi kundan kunga muhim oʻrin tutib bormoqda. Avvallari bu tizimsiz ham hakamlik amalga oshirilgandi, lekin futbol tobora jadallashib, rivojlanmoqda. Shu sababli VAR kabi texnologiyalar bugungi futbolning bir qismiga aylandi. Ilgari bu tizimni mamlakatimizda joriy qilishni boshlagan paytlarimiz koʻpchilikda VARga ehtiyoj bormi, qabilidagi savollar paydo boʻlgandi. Lekin yakunda koʻrdikki, mazkur tizimni joriy qilish orqali bir nechta oʻyinlarda adolatning qaror topishiga erishdik” dedi Ravshan Ermatov.

Maʼlumot uchun, seminarda oʻzbekistonlik mutaxassislar Vladislav Tseytlin va Valentin Kovalenko yosh hakamlarga oʻz tajribalaridan kelib chiqib bir qator tavsiyalar berib oʻtishdi. Darslarda Superliganing yakunlangan mavsumidagi ayrim vaziyatlar koʻrib chiqildi va VAR orqali ularni tahlil qilish borasida tushuntirishlar berildi.