Free ebooks Library zlibrary project

Yana sanoqli soatlardan so‘ng Tailand yashil maydonlarida futbol bo‘yicha 23 yoshgacha o‘yinchilar o‘rtasida Osiyo chempionati start oladi.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi musobaqaning “C” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, olimpiyachilarimiz ilk o‘yinini 9-yanvar sanasida Eronga qarshi o‘tkazadi.

8-yanvarda esa o‘yinoldi rasmiy tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Dastlab ertalab soat 10:00da (Toshkent vaqti bilan soat 8:00da) terma jamoalar menejerlari, ma’murlari va matbuot kotiblari, shuningdek uchrashuv komissar hamda nazoratchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkaziladi. Jamoalarning o‘yinlarni qanday rangdagi libosda o‘tkazishlariga oydinlik kiritiladi, qolaversa tashkiliy masalalar muhokama etiladi. So‘ngra soat 12:00da “Tinsulanon” stadioni anjumanlar zalida terma jamoalar ustozlari ishtirokida o‘yinoldi matbuot anjumani tashkil etiladi.

Qayd etish joiz, mazkur musobaqani bevosita Tailanddan yoritib borish uchun 17 nafar o‘zbekistonlik jurnalist akkreditatsiyadan o‘tdi.

Soat 16:30da esa terma jamoamiz o‘yinoldi rasmiy mashg‘ulotini o‘tkazadi.  Mashg‘ulotning dastlabki 15 daqiqasi OAV vakillari uchun ochiq tarzda o‘tadi.