Toshkentdagi “King Plaza” mehmonxonasida oʻtkazilgan CAFA hakamlar seminarining birinchi qismi yakunlandi. 21-23-yanvar kunlari hakamlar uchun oʻtkazilgan nazariy-amaliy seminarlar davomida aʼzo mamlakatlardan jami 25 nafar hakamlar (17 nafar erkak va 8 nafar ayol hakamlar) ishtirok etishdi.
Darslar davomida ishtirokchilar FIFA standartlari asosida nazariy va amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etib, tajribali mutaxassislardan zaruriy bilim va koʻnikmalarni egallashdi. Eʼtiborli tomoni, ushbu seminarda mamlakatimizdan 7 nafar FIFA hakamlari — Firdavs Norsafarov, Asker Nadjafaliyev, Akobir Shukurullayev, Rustam Lutfullin, Roziyabonu Yusupova, Gulshoda Saitqulova va Nasibabonu Toshmuhammedova ishtirok etdi.
Bugun seminarning yopilish marosimida OʻFA birinchi vitse-prezidenti, CAFA hakamlar qoʻmitasi raisi Ravshan Irmatov va CAFA Bosh kotibi Ulugʻbek Karimov ishtirokchilariga tegishli sertifikatlar topshirib, ularga kelajakdagi faoliyatlarida omad tilashdi. Maʼlumot oʻrnida, ertaga aʼzo mamlakatlar hakamlari ishtirokida VAR kurslariga start beriladi.