Xabaringiz bor, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Toshkent viloyatida terma jamoalar uchun markaz tashkil etmoqda. Ushbu markazni xalqaro standartlar asosida bunyod etish, jihozlash va faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida bir nechta davlatlarning tajribalari oʻrganilmoqda.
Bugun OʻFA ishchi guruhi futbol infratuzilmasi bilan tanishish, maydonlar tashkil etishning zamonaviy standartini oʻrganish, hududlarda bolalar va ommaviy futbolni rivojlantirish, murabbiylar taʼlimi va bir qator yoʻnalishlar boʻyicha tajriba oshirish maqsadida Vengriya futbol federatsiyasida boʻldilar.
Dastlab federatsiyaga tegishli terma jamoalar markazi oʻrganildi. Mahalliy mutaxassislar xalqaro standartlar talabidagi maydonlarni tashkil etish, maysalarni parvarishlash, yoritish tizimi, stadionning texnik-xavfsizlik tomonlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish borasidagi tajribalari bilan boʻlishdilar. Shuningdek, mashgʻulot va asosiy maydonlar, tribunalar va unga tutash hududlarni qurish hamda maysa parvarishiga aloqador texnikalardan foydalanish boʻyicha Vengriya andazasi oʻrganildi.
Yurtimizda qad rostlaydigan bazada ham zamonaviy restoran, reabilitatsiya va tibbiyot markazi, mashgʻulotlar zali, yopiq sport kompleksi va konferensiya xonalarini jihozlash boʻyicha kerakli tavsiyalar olindi. Bundan tashqari, terma jamoalar markazida joylashishi koʻzda tutilgan yashil hudud va futbolchilar dam olish maskanining loyihasiga qoʻshimchalar kiritildi.
Shuningdek, bugungi uchrashuv davomida Vengriya futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Sandor Berzi ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tomonlar ikki mamlakatda futbolni rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, ayollar va bolalar futboli yoʻnalishida hamkorlikni kengaytirish, murabbiylar taʼlimi va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama etildi. Bu borada har ikki taraf vakillari oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.
Uchrashuv yakunida ikki davlat futbol tashkilotlari mutasaddilari kelgusida ham keng doiradagi hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishib oldilar.