Free ebooks Library zlibrary project

Xabaringiz bor, ayni paytda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Dubayda oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini oʻtkazmoqda. Bu galgi yigʻinga bir nechta yosh va umidli futbolchilar jalb etildi. Xususan, yakunlangan mavsumda “Nasaf” jamoasidagi yorqin oʻyinlari sabab Sherzod Nasrullayev ham Srechko Katanesning eʼtiboriga tushdi va terma jamoadan ilk marta chaqiruv oldi. Nasrullayev 23-yanvar kuni “Al-Vahda”ga qarshi oʻyinda milliy terma jamoa safida debyut uchrashuvini ham oʻtkazishga muvaffaq boʻldi. 

OʻFA media boʻlimi Sherzod Nasrullayev bilan bogʻlanib, terma jamoadan olgan ilk chaqiruvi, taassurotlar va debyut uchrashuvi haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

 

— Sherzod, terma jamoaga birinchi marta chaqiruv olganingizni eshitganingizda nimalarni his qildingiz?

— Har bir futbolchi uchun terma jamoada oʻynash orzu va sharaf hisoblanadi. Albatta men ham Oʻzbekiston milliy terma terma jamoasida oʻynashni orzu qilganman. Bolaligimdan boshlab oʻz oldimga maqsad qoʻyib, bu yoʻlda tinmay mehnat qildim. Chunki terma jamoaga faqat oʻz pozitsiyasida yetakchi boʻlgan futbolchilar chaqiriladi. Shuning uchun ham natijalarim orqali milliy jamoaga munosibligimni isbotlashga harakat qildim.

Kun kelib TJ aʼzosiga aylanishimga, birinchi navbatda, ota-onam ishonardi, ular har doim meni qoʻllab-quvvatlab kelishgan. Ilk chaqiruv qogʻozini olganimdagi ularni xursandchiligini taʼriflab boʻlmasdi.

Umid qilamanki, yaqinlarim, murabbiylarim va muxlislarni ishonchini oqlay olaman. Terma jamoaga esa qoʻlimdan kelganicha yordam berishga tayyorman.

— Mashgʻulotlar jarayonlari qanday kechmoqda? Unda, asosan, nimalarga urgʻu berilyapti?

— Mashgʻulotlar odatda har kuni 2 mahaldan boʻlib oʻtadi. Ertalab jismoniy holatimizni tiklash uchun mashgʻulot olib boryapmiz. Kechki mashgʻulotlarda esa texnika va taktik mashqlarga eʼtibor qaratiladi.

— “Nasaf” tarkibida 2021-yilgi mavsumda mazmunli oʻyin koʻrsata oldingiz. Shundan keyin Sizga xorij klublaridan takliflar boʻldimi?

— Toʻgʻri aytdingiz, “Nasaf” oʻtgan mavsumda ajoyib oʻyinlar koʻrsatib, muxlislar mehrini qozona oldi. Bizda yaxshi jamoa shakllangan. Yakunlangan mavsumda koʻplab futbolchilar oʻzini koʻrsatdi. Oʻzimga keladigan boʻlsak, 4ta gol kiritib, 16ta golga assistentlik qildim. Menimcha, bu — himoyachi uchun yaxshi natija boʻlsa kerak. Umuman olganda, jamoamning gʻalabalariga hissa qoʻsha olayotganimdan xursandman.

Transfer haqida gap ketganda, toʻgʻri, koʻplab agentlar aloqaga chiqib, bir qancha klublar menga qiziqayotganini aytishdi. Ammo hozirda “Nasaf” bilan shartnomam mavjud.  Bilmadim, agarda Yevropa jamoalaridan takliflar kelsa, legionerga aylanishim ham mumkin.

— Siz debyut oʻyindayoq 90 daqiqa oʻynadingiz. Terma jamoa libosidagi ilk uchrashuv qanday kechdi, nimalarni his qildingiz?

— Toʻgʻrisini aytsam, bu orzularning ushalishi edi. Oʻzimni erkin his qildim, hayajon sezilmadi, desam ham boʻladi.

— Srechko Katanes bilan birga ishlash qanday boʻldi, u siz bilan suhbatlashdimi (agar gaplashgan boʻlsa, nimalar dedi)?

— Srechko Katanes bilan “Al-Vahda”ga qarshi oʻyin oldidan gaplashdim. Oʻsha oʻyinda meni markaziy himoyada sinab koʻrdi. Bu men uchun yangilik boʻldi, chunki avval bu pozitsiyada oʻynamagan edim. Bosh murabbiyimiz uchrashuvdan keyin yaxshi oʻynaganimni, oʻyinimdan qoniqish his qilganini aytdi.

— Umuman olganda, terma jamoaning “Al-Vahda”ga qarshi uchrashuvi haqida nimalar deya olasiz?

Oʻyin biroz murakkab oʻtdi. Raqiblarimiz bizga munosib qarshilik koʻrsata olishdi. “Al-Vahda”, asosan, toʻpni koʻproq ushlab, shuning atrofida oʻyin tashkil qilar ekan. Bundan tashqari, ularda yaxshi jamoa shakllangan, futbolchilari jismonan baquvvat va boʻydor, oʻyin payti oʻzaro bir-birini tushunib harakat qilishadi.

Oʻyin davomida koʻplab hujumlar tashkil etdik, biroq vaziyatlarda bizga omad kelmadi. Uchrashuv yakuniga yetay deb qolganda Aziz Amonov qulay vaziyatga chiqib borayotgan edi, ammo unga nisbatan qoʻpollik ishlatildi va penalti belgilandi. Amonov sovuqqonlik bilan penaltini golga aylantira oldi. Menimcha, shu kuni gʻalabaga haqiqatan ham haqli edik.

— Sherzod, vaqtingizni ajratganingiz uchun rahmat. Kelgusidagi faoliyatingizda omad tilaymiz. 

— Rahmat.