Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Suriyaga qarshi uchrashuvdan soʻng jurnalistlarning savollariga javob berib oʻtdi.

Bugungi uchrashuv haqida:
Avvalambor, barchani futbol bayrami boshlangani bilan tabriklayman. Stadionga kelib, bizni qoʻllab-quvvatlagan barcha muxlislarga minnatdorchiligimni bildiraman. Bugungi uchrashuvga kelsak, oʻyin qiyin kechdi. Biz buni kutgandik va bunga tayyorlangandik. Endilikda shu ruhda ishlashda davom etishimiz kerak.

Uchrashuvdagi bosim haqida:
Bilasiz, birinchi oʻyinlar har doim qiyin kechgan. Bundan tashqari, yoshlarimiz asta-sekinlik bilan bunday bosimga koʻnikib bormoqdalar. Bu yoshda bosim boʻlishi tabiiy. Koʻplab muxlislar qarshisida oʻynashning ham oʻziga yarasha qiyinchiliklari boʻladi.
Oʻyin davomida koʻplab vaziyatlarimiz boʻldi, standartlar ham koʻp boʻldi. Biroq ularni yakunlashda biroz qiyinchilikka duch keldik. Endilikda bosqichma-bosqich oʻyinimizni yanada yaxshilash ustida ishlab boramiz.

Raqib haqida:
Raqiblarimiz ham bugun ajoyib oʻyin koʻrsatdilar. Ular yakka kurashlarda ishonchli oʻynadilar.

Abbos Fayzullayev haqida:
Abbos biz uchun muhim futbolchilarimizdan. U qanday oʻynash kerakligi va vaziyatlardan foydalanishni yaxshi biladi. Bugun jamoamizning goliga mualliflik qildi. Almashtirishga kelsak, oʻyin oxiriga kelib, biz uni almashtirishga qaror qildik. Bu shunchaki biroz charchoq bilan bogʻliq, hech qanday jarohat yoʻq. U hozirda oʻzini yaxshi his qilmoqda.

Iroq bilan boʻladigan keyingi oʻyin haqida:
Uchrashuvimizni tahlil qilamiz va keyingi oʻyinga tayyorgarlikni bugundanoq boshlaymiz.