Xabaringiz bor, 19-23-noyabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida CAFA U-15 turniri oʻtkaziladi. Mazkur musobaqaga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Toshkentda yigʻin oʻtkazmoqda.
Bugun Chigʻatoy ba’zasida oʻtkazilgan nazariy mashgʻulotiga OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov tashrif buyurdi.
Server Jeparov boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va imkoniyatlari xususida suhbatlashildi. Har kunlik tayyorgarlikka zamonaviy yondashish, yangi texnologiyalarni jalb etish, sport tibbiyoti, vitaminizatsiya va tiklanish jarayoniga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Mazkur jamoa 2028-yilda Los-Anjelasda boʻlib oʻtadigan Olimpiadaga maqsadli va tizimli tayyorgarlik olib borishi, keyingi yilgi Osiyo chempionati saralash bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, turnirning final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishi,shuningdek, 2023-yil oʻtkaziladigan 17 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishi maqsad qilngan.
Ravshan Ermatov futbolchilar bilan suhbatda kelajakda milliy terma jamoa safida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, sportimiz faxri boʻlishiga tilak bildirdi. Bu yoʻlda ahillik, maydonda va undan tashqarida bir jamoa boʻlish, terma jamoa safida “men” emas, balki “biz” degan soʻz ustuvor boʻlishi zarurligini eʼtirof etdi.
“Sizda kelajakda Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisiga aylanish imkoni bor. Ana shu orzuga yetishish uchun hozirdan oʻz oldingizga yuqori maqsad qoʻyishingiz kerak. Bunga iroda, sabr, intizom kabi xislatlarni namoyish etib, eng muhimi, tinmay mehnat qilgan holda erishish mumkin”, deya taʼkidladi Ermatov.
Eslatib oʻtamiz, vakillarimiz CAFA-15 turnirida ishtirok etish uchun ertaga Dushanbe shahriga joʻnab ketishadi. Server Jeparov shogirdlarining dastlabki oʻyini 19-noyabr kuni Eronga qarshi oʻtkaziladi.