Free ebooks Library zlibrary project

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining majlislar zalida MOQning navbatdan tashqari XXXVIII Bosh Assambleyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibidagi asosiy masala Milliy olimpiya qo‘mitasi birinchi o’rinbosarligiga yangi nomzod saylashdan iborat edi.

MOQ raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida samarali ishlagan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borayotgan Ravshan Sayfuddinovich Ermatov nomzodi ilgari surildi.

Tadbir ishtirokchilari bir ovozdan taklif etilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashdi va Ravshan Ermatov O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

O‘z navbatida Ravshan Ermatov bildirilgan ishonch va e’tiborni oqlashga va’da berdi.

“Menga mana shunday yuksak ishonch bildirilgani uchun muhtaram Prezidentimiz va MOQ jamoasiga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Shu paytgacha boshqa tashkilotda bo‘lsa ham yagona maqsad yo‘lida birgalikda faoliyat olib borayotgan edik. Bundan keyin ham o‘z maqsadlarimizni amalga oshirishda hamkorlikda ishlashimizdan xursandman. Tokio Olimpiadasi yaqinlashib borar ekan, pulsimiz hayajondan ko‘proq ura boshlayotganini his qilyapmiz. Ishonamanki, Olimpiadada biz bir jamoa bo‘lib, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajaramiz va xalqimiz, hukumatimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi”, – dedi Ravshan Ermatov.