Free ebooks Library zlibrary project

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoniga muvofiq Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar futbol mahorat maktablari hamda professional futbol klublari qoshidagi bolalar-oʼsmirlar futbol maktablarining 2004-2007 yillarda tugʼilgan tarbiyalanuvchilari oʼrtasida “Professional futbol maktablari ligasi” Oʼzbekiston chempionati musobaqasini yuqori saviyada tashkil etishga bagʼishlangan navbatdagi onlayn yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Yigʼilishda Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi mutaxassislari, Futbol mahorat maktablari hamda Bolalar-oʼsmirlar futbol maktablari direktorlari ishtirok etdi. Muloqot jarayonida musobaqani sanitariya-gigiyena qoidalari va meʼyorlariga qatʼiy amal qilib, yuqori saviyada tashkil etish va oʼtkazish, stadionlar va mehmonxonalarning holatlari, musobaqaga mezbon qiladigan hududlarga qoʼshni viloyatlardan malakali hakamlarni jalb qilish, musobaqa ishtirokchilarini belgilangan tartibda roʼyxatdan oʼtkazish hamda barcha uchrashuvlarni ijtimoiy tarmoqlarda onlayn translyatsiya qilish kabi masalalarga alohida toʼxtalib oʼtildi va bir qator chora-tadbirlar belgilab olindi.

Eslatib oʼtamiz, “Professional futbol maktablari futbol ligasi” musobaqasining birinchi davra oʼyinlari joriy yilning 20-31 mart kunlari Buxoro, Surxondaryo, Namangan va Fargʼona viloyatlarida boʼlib oʼtadi.

Ikkinchi davra oʼyinlari esa 1-12 may kunlari Аndijon, Navoiy, Fargʼona va Xorazm viloyatlarida oʼtkaziladi. Musobaqaning final bosqich oʼyinlari 16-avgustdan 18-sentyabrga qadar Toshkent shahrida tashkil etiladi.

Musobaqaga 1760 nafar futbolchilar jalb qilinib, to’rt yosh toifasida jami 80 ta jamoa umumiy hisobda 396 ta o‘yin o’tkazadi.