1956 yil 8-aprel kuni “Paxtakor” oʼzining ilk rasmiy uchrashuvida maydonga tushgan.
1951 yil Toshkentda “Paxtakor” qishloq sport jamiyati tashkil etilgan, ammo futbol jamoasi sifatida faoliyatini “Paxtakor” 1956-yil yanvar oyidan boshlagan. Murabbiylikka “Dinamo” Moskvadagi ishi bilan tanish boʼlgan taniqli mutaxassis Valeriy Bextenev taklif etilgan. 1955 yil Odessada boʼlib oʼtgan qishloq jamoalari oʼrtasida Sobiq Ittifoq birinchiligida “Paxtakor” qatnashgan. Chempionatlardagi ilk rasmiy uchrashuvi esa 1956 yil 8 aprel sanasiga toʼgʼri kelgan.
Dastlabki uchrashuvlarini Oʼzbekistonning bosh jamoasi Toshkentning eski shahar qismida joylashgan “Spartak” stadionida oʼtkazgan. Chunki ayni paytda yurtimizning bosh arenasiga aylangan “Paxtakor” stadioni 1956 yilning avgust oyida ishga tushirilgan.
Birinchi rasmiy bellashuv ikkinchi liganing “B” klassi doirasida 1956 yilning 8 aprelь kuni oʼtkazilgan. Unda Permь viloyatining Molotov shahri jamoa bilan toʼqnash kelgan “Paxtakor” 1:0 hisobida gʼalaba qozongan. Oʼyin qaydnomasi bilan tanishing:
“Paxtakor” – Perm shahri jamoasi – 1:0 (1:0). “Spartak” stadioni.
“Paxtakor”: Pyotr Volostnov, Аkmal Аzizxoʼjaev, Аnatoliy Kozenkov, Vitaliy Vitkalov, Idgay Tazetdinov, Qobil Muqimov, Yakov Kaprov, Laziz Maqsudov, Vladimir Kanunnikov, Аleksandr Murashov, Mixail Borkin.
Gol: Laziz Maqsudov, 44-pen.
Hozirga kelib jamoamiz 12 martadan Oʼzbekiston chempionatida va Kubogi, yana bir bor Liga Kubogida zafar quchib, mamlakatimizning eng sovrindor jamoasiga aylangan. Chempionlar Ligasida yurtimiz sharafini eng koʼp bor himoya qilib, ikki marta yarim finalda oʼynagan jamoa ham “Paxtakor” hisoblanadi.