Free ebooks Library zlibrary project

O’zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari kongressi yakunlanganidan so’ng O’zbekiston milliy terma jamoasi faoliyatiga bag’ishlangan konferensiya o’tkazildi.

O’FA prezidenti Abdusalom Azizov Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov, Terma jamoalar bo’limi boshlig’i Aziz Haydarov hamda jamoa sardori Odil Ahmedovning hisobotlarini tingladi.

Konferensiya ochiq tarzda o’tkazildi va ommaviy axborot vositalari vakillari o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob olish imkoniyatiga ega bo’lishdi.

MTJ bosh murabbiyi Vadim Abramov jamoaning tayyorgarlik jarayoni haqida hisobot berdi hamda Saudiyada Arabistoniga qarshi bahsda jamoa mag’lubiyatiga bosh murabbiy javobgar ekanligini ta’kidladi.

Aziz Haydarov futbolimizdagi muammolarga to’xtalib o’tib, yo’l qo’yilgan xatolardan to’g’ri xulosa chiqarish zarur ekanligi va O’zbekiston terma jamoalarining faoliyatiga yanada jiddiy e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

Odil Ahmedov futbolimizdagi muammolarni hal etmay turib Milliy terma jamoani Jahon chempionatiga chiqish orzusiga yetishishi qiyin ekanligini aytib o’tdi.

Yig’ilish so’nggida O’FA prezidenti Abdusalom Azizov Milliy terma jamoa oldiga qo’yilgan vazifa bajarilmaganligi tufayli bosh murabbiy Vadim Abramov va murabbiy shtabi a’zolari bilan tuzilgan shartnoma o’z nihoyasiga yetganligi ma’lum qildi hamda yaqin vaqt ichida yangi bosh murabbiy lavozimiga nomzodlar ko’rib chiqilishini ta’kidladi.

Shuningdek, O’FA rahbari tashkilot faoliyatida turli yo’nalishlardagi xato va kamchiliklari yuzasidan tanqidiy fikr bildirdi.