Qatarda start oladigan bu galgi Osiyo kubogi OFK tomonidan 18-bor tashkil etilmoqda.
Qatar Osiyo kubogi final bosqichiga eng ko‘p mezbonlik qilgan mamlakat, shuningdek, musobaqaning amaldagi g‘olibi ham hisoblanadi.
Koreya Respublikasi va Eron terma jamoalari turnirda eng ko‘p ishtirok etgan bo‘lsa-da (15 marta), bosh sovrinni Yaponiya eng ko‘p qo‘lga kiritgan (4 marta, 1992, 2000, 2004, 2011)
Osiyo kubogi final bosqichining eng yaxshi to‘purari Ali Dayi bo‘lib, eronlik hujumchi turnirda 14 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Osiyo kubogi final bosqichida eng ko‘p ishtirok etgan futbolchi – Ignatiy Nesterov hisoblanadi. U O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 5 marta ushbu turnirda qatnashgan (2004, 2007, 2011, 2015, 2019).
2019-yil BAA mezbonlik qilgan Osiyo kubogida ishtirokchi terma jamoalar soni 16 tadan 24 taga ko‘paytirildi. Musobaqa davomida jami 51 ta uchrashuv o‘tkazilgan. Shuningdek, 2019-yilda 1956-yildan 2015-yilga qadar foydalanilgan kubok dizayni ham o‘zgartirilgan.
Osiyo kubogi final bosqichida 1996-yildan buyon muntazam ravishda ishtirok etib kelayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 28 uchrashuv o‘tkazgan va ularning 13 tasida g‘alabaga erishgan. Jamoamizning turnirdagi eng yaxshi natijasi yarim final bo‘lib, 2011-yil aynan Qatarda qayd etilgan.
Milliy jamoamizning Osiyo kuboklaridagi eng yaxshi to‘purari esa Aleksandr Geynrix hisoblanadi (6 gol).